Valyuta kurslari 16/06/2025
$1 – 12760.21
UZS – 0,43%
€1 – 14704.87
UZS – 0,0%
₽1 – 160.08
UZS – 0,55%
Qidirish
Moliya 11/06/2025 Yevropa investitsiya banki Toshkentda mintaqaviy ofis ochadi

Yevropa investitsiya banki Toshkentda mintaqaviy ofis ochadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning oxiriga qadar Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining (YEIB) mintaqaviy ofisi ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda YEIBning katta kredit mutaxassisi Davide Mongussi Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan IV Xalqaro investitsiya forumida maʼlum qildi.

Unga ko‘ra, joriy yil aprel oyida Samarqanddagi sammit doirasida O‘zbekistonda YEIB vakolatxonasini ochish bo‘yicha memorandum imzolangan. Bu qadam ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va investitsiyaviy imkoniyatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

«Biz, nihoyat, O‘zbekiston hukumati bilan kelishuv imzoladik va bu 2025 yil oxirigacha ofisni ochish imkonini beradi», — dedi Mongussi.

YEIB o‘z faoliyatini barqaror infratuzilmani rivojlantirishga — xususan, transport va suv xo‘jaligi sohalariga qaratmoqchi. Afzallik berilgan loyihalar qatorida Qoraqalpog‘iston va Samarqandda yuklama yuqori bo‘lgan yo‘l uchastkalarini yaxshilash, sug‘orish tizimlarini rivojlantirish, avtomobil va temir yo‘llar qurilishi va modernizatsiyasi kabi tashabbuslar bor.

Bank ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun 400 nafardan ziyod muhandislardan iborat mutaxassislar jamoasining tajribasiga tayanadi.

Mongussi taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqining moliyaviy instituti sifatida YEIB Markaziy Osiyoga barqaror infratuzilma rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi Yevropa amaliyotlarini olib kirishni maqsad qilgan.

«Biz hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga intilayapmiz va O‘zbekiston Transport vazirligi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini aniq loyihalar doirasida amalga oshirishni boshlayapmiz. Bu Qoraqalpog‘iston va Samarqanddagi yuklama yuqori bo‘lgan uchastkalarda harakatni yengillashtirish va vaziyatni yaxshilashga qaratilgan», — deya xulosa qildi YEIB vakili.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling