Yerdan samarali foydalanish uchun davlat bojlari to'g'risidagi qonunga kiritilgan o'zgartirishlar ikkinchi o'qishda ma'qullandi
Yerdan samarali foydalanish uchun davlat bojlari to'g'risidagi qonunga kiritilgan o'zgartirishlar ikkinchi o'qishda ma'qullandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab yer ajratishda belgilangan investitsiya majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmasligi, yerdan samarasiz yoki noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish zarurati yuzaga kelmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka muvofiq, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari tomonidan sudga da’vo arizasi kiritishda davlat boji to‘lashga majbur bo‘lib, bu holat ularning asosiy funksiyalari bajarishiga va hududiy sanoat salohiyatini rivojlantirish hamda investitsiyalarni faol jalb etish uchun ajratilishi lozim bo‘lgan resurslarning kamayishiga olib kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalaridan foydalanish huquqini bekor qilish bo‘yicha iqtisodiy sudlarga kiritilgan da’vo arizalari yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilmoqda.
Qayd etilganidek, deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida undagi normalarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish, huquqni qo‘llashda tushunmovchiliklarning oldini olish va yer muhofazasini ta’minlashda barcha majburiyatlar bajarilishini loyihada aks ettirishga alohida e’tibor qaratishdi. Ushbu qonun loyihasi yerdan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.