Yer sohasidagi korrupsion omillarning oldini olish choralari natijadorligi oshiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–287-son, 18.09.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Kadastr agentligining “Ye-YER NAZORAT” tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvardan maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifalari faqatgina “Ye-YER NAZORAT” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlarni quyidagicha toifalarga bo‘lish belgilandi:
“qizil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli yuqori hududlar;
“sariq” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli o‘rta hududlar;
“yashil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli past hududlar.
Bunda “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida 1 marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.