Yashnobod tumanidagi Aviator savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in bir insonning hayotiga zomin bo‘ldi
Yashnobod tumanidagi Aviator savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in bir insonning hayotiga zomin bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan “Aviator” savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida vayronalar ostida bir nafar insonning jasadi topilgani haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, yong‘in haqidagi xabar 31 yanvar kuni soat 15:47 da favqulodda xizmatlarga kelib tushgan. Oradan olti daqiqa o‘tib, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga yetib kelgan. Majmua ichida bo‘lgan barcha tashrif buyuruvchilar va xodimlar birinchi navbatda evakuatsiya qilingan.
Yong‘in soat 16:50 da lokalizatsiya qilingan va soat 17:17 da to‘liq bartaraf etilgan. O‘chirish ishlari Favqulodda vaziyatlar vaziri rahbarligida olib borilgan. Ilgari vazirlik tomonidan jabrlanganlar yo‘qligi haqida maʼlum qilingan edi, biroq dastlabki ko‘rik jarayonida vayronalar ostida bir nafar marhumning jasadi aniqlangan.
Ayni paytda mutaxassislar yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash va yetkazilgan moddiy zarar hajmini baholash ishlarini davom ettirmoqda.