Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgani munosabati bilan O‘zbekiston TIV BAAdagi fuqarolarga murojaat qildi
Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgani munosabati bilan O‘zbekiston TIV BAAdagi fuqarolarga murojaat qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning Birlashgan Arab Amirliklaridagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda Dubay va BAAning boshqa hududlarida bo‘lib turgan fuqarolarga shoshilinch murojaat yo‘lladi.
Yaqin Sharqda vaziyatning keskin keskinlashuvi va havo hududidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar sababli Amirliklar bilan aviaqatnov vaqtincha to‘xtatilgan.
Murojaatda o‘zbekistonliklarning xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha kuchaytirilgan chora-tadbirlar ko‘rilayotgani taʼkidlangan.
Fuqarolar tinchlikni saqlashga va belgilangan qoidalarga qatʼiy amal qilishga, jumladan, mahalliy qonunchilik hamda rasmiy hokimiyat organlari ko‘rsatmalariga to‘liq rioya etishga chaqirilmoqda.
Shuningdek, o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslik, odamlar ommaviy to‘planadigan joylardan uzoqroq bo‘lish, tasdiqlanmagan mish-mishlardan qochib, faqat rasmiy manbalardagi maʼlumotlarga ishonish qatʼiy tavsiya etilmoqda.
Favqulodda holatlarda tezkor aloqa o‘rnatish va yordam olish uchun quyidagi telefon raqamlari ochilgan: +971 55 986 9040 va +971 55 956 4110.
O‘zbekiston diplomatik korpusi BAA hududida fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, harakatlarni muvofiqlashtirish va har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida kuchaytirilgan tartibda faoliyatni davom ettirmoqda.