Yaponiyaning Sojitz korporatsiyasi O‘zbekistonga 1 milliard dollar investitsiya kiritadi
Surat: Sojitz
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiyaning Sojitz Corporation korporatsiyasi energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida yirik loyihalar doirasida O‘zbekistonga taxminan 1 milliard dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sojitz prezidenti Kosuki Uemura “O‘zbekiston 24” telekanalining Tahlilnoma dasturiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Aktivlari qariyb 20 milliard dollarga yetgan kompaniya bir qator muhim tashabbuslarni amalga oshirish niyatida. Ular orasida — Samarqandda davlat-xususiy sheriklik asosida davlat shifoxonasini qurish, Sirdaryo viloyatida quvvati 1 573 MVt bo‘lgan gaz elektrostansiyasi va Navoiy viloyatida quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini barpo etish mavjud. Shuningdek, xalqaro aeroportni rivojlantirishga ham investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan.
Kosuki Uemura taʼkidlashicha, O‘zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyati mamlakat rahbariyatining qatʼiyati va ochiqligi, shuningdek investorlar manfaatlarini hisobga olishga intilishi bilan bog‘liq. «Biz mamlakatning jadal rivojlanishini va davlat idoralari bizga bildirgan ishonchini yuqori baholaymiz. Bu esa loyihalarimizni amalga oshirish uchun o‘ziga xos imkoniyatlar yaratadi», — dedi u.
Joriy investitsiyalar doirasida kompaniya allaqachon energetika va sog‘liqni saqlash sohalariga o‘n millionlab dollar yo‘naltirgan: taxminan 40 million dollar — Sirdaryo-2 elektrostansiyasi qurilishiga, 180 million dollar — shamol energetikasiga, 75 million dollar — Samarqanddagi shifoxonaga va 200 million dollar — aeroportga sarflangan.
Barcha rejalashtirilgan loyihalarning umumiy qiymati 5 milliard dollarga baholanmoqda, shundan maʼlum qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sojitz tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiyalari yaqin vaqtda 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda, deya taʼkidladi Uemura.
Sojitz prezidenti yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurib, hukumat va tegishli vazirliklar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbatlarda faqat joriy loyihalar emas, balki kelgusi investitsiyaviy imkoniyatlar ham muhokama qilindi.
Kosukі Uemura mahalliy mutaxassislarning ochiqligi, mehnatsevarligi va yuqori malakasini qayd etib, bu holat uzoq muddatli hamkorlik uchun ishonchli asos ekanini taʼkidladi.
Sojitz Corporation O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotida faol ishtirok etish, energetika, infratuzilma va sog‘liqni saqlash sohalarida strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shish niyatida.
Shuni taʼkidlash joizki, kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi 30 yil avvalyoq shakllangan, ammo amaliy qadamlar so‘nggi yillarda tashlandi. 2004 yilda Toshkentda kompaniyaning ofisini ochish bilan birga hamkorlikka oid strategik yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.