Yaponiyaning Okamoto kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 6-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Yaponiyaning Okamoto Corporation kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Ryutaro Okamoto bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar to‘qimachilik sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek kompaniyaning O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Yapon delegatsiyasiga O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va to‘qimachilik sohasida taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlandiki, O‘zbekiston ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish hamda ushbu sohada ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Okamoto Corporation 1948-yilda Yaponiyaning Nara prefekturasida tashkil etilgan. Bugungi kunda kompaniya Yaponiya, Xitoy va Tailandda to‘qimachilik fabrikalariga ega bo‘lib, AQShdagi distribyutorlik kompaniyasi orqali Walmart, Amazon va Costco kabi yirik savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyaning yillik eksport hajmi $100 milliondan ortiqni tashkil etadi.
Tomonlar faol hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekiston bozorida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish borasida amaliy choralarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.