Yaponiyalik mutaxassislar oʻzbekistonlik mutaxassislarni demensiya bilan kasallangan odamlar uchun kunduzgi markazlarni tashkil qilish boʻyicha oʻqitdilar
Yaponiyalik mutaxassislar oʻzbekistonlik mutaxassislarni demensiya bilan kasallangan odamlar uchun kunduzgi markazlarni tashkil qilish boʻyicha oʻqitdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 17–29-yanvar kunlari Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “INSON” loyihasi doirasida demensiya, Altsgeymer va Parkinson kabi maxsus parvarishga muhtoj shaxslar uchun kunduzgi parvarish markazlarini tashkil qilish talablari hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar uslubiyotini o‘rgatishga qaratilgan o‘quv-seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.
2026-yil 1-martdan boshlab xulq-atvori buzilishlari bo‘lmagan, ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turuvchi, 18 yoshdan katta demensiya, Parkinson yoki Altsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan maxsus parvarishga muhtoj shaxslar uchun “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda maxsus parvarishga muhtoj shaxslar uchun Yaponiya tajribasi asosida xizmat ko‘rsatuvchi kunduzgi parvarish markazlari tashkil etiladi.
Amaliy mashg‘ulotlar orqali bemorlar holatini baholash, xavfsiz harakatlanishga yordam ko‘rsatish, individual parvarish rejalarini tuzish hamda guruhli reabilitatsiya mashg‘ulotlari bo‘yicha namunaviy tajribalar taqdim etildi.
Treningda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarining ijtimoiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda “Muruvvat” internat uylari rahbarlari ishtirok etmoqda.
O‘quv kurslari yakunlariga ko‘ra, tinglovchilar hududlarda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun trener sifatida bilim va ko‘nikmalarni yetkazishi rejalashtirilgan.