Yaponiya kompaniyalari Oʻzbekiston bilan farmatsevtika sanoatida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi
Yaponiya kompaniyalari Oʻzbekiston bilan farmatsevtika sanoatida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 17 yanvar kuni agentlik binosida Yaponiya savdo-konsalting kompaniyalari rahbarlari bilan agentlik direktori Abdulla Azizov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Aria Investment Trust MCHJ, Tobidai Inc, Agnostri Inc, Global Silk Road Inc rahbarlari va Japan Uz Trade House MCHJ vakili ishtirok etdi.
Uchrashuv muloqot tarzida, konstruktiv ruhda o‘tdi. Tobidai Inc rahbari Xomma Daichi taʼkidlaganidek, O‘zbekistonda, xususan “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududidagi infratuzilma va jadal ish jarayoni katta qiziqish uyg‘otmoqda. Kompaniya vakillari klaster hududida yer olish shartlari hamda “Pharm Service” DM xizmatlari haqida qiziqish bildirdilar.
Agentlik direktori Yaponiyaning ko‘p yillik tajribasiga ega biologik faol qo‘shimchalar hamda dorivor o‘simliklar sanoatida faoliyat yurituvchi korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida 2026 yilning fevral oyida bir necha yapon kompaniyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xorijiy ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etishi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhim ekani taʼkidlandi.