Yanosh Kovach “UzAuto Motors” AJ bosh direktori etib tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “UzAuto Motors” AJ Kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq, kompaniyaning bosh direktori lavozimiga Yanosh Kovach tayinlandi.
Vengriyada tug‘ilgan Yanosh Kovach Budapesht Texnika Universitetining avtomobilsozlik texnologiyalari bo‘yicha muhandislik mutaxassisligini tamomlagan.
Kovach jahon avtomobil sanoatining yetakchi top-menejerlaridan biri sifatida, General Motors, Opel, GM Powertrain Uzbekistan, UzAuto Peugeot Citroën Automotive va VinFast Automotive kabi kompaniyalarda muhim rahbarlik lavozimlarida ko‘p yillik tajribaga ega.
O‘zining professional faoliyati davomida u sifatni boshqarish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va avtomobil zavodlari boshqaruvi bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.
U 2021-yildan buyon “UzAuto Motors” AJ Kuzatuv kengashi a’zosi va audit qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.