Yangi Toshkent markazida ko'p funksiyali yer osti bog‘lamalari quriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi Toshkent shahrining zamonaviy konsepsiyasida faqat yer usti inshootlari emas, balki yer osti infratuzilmasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Loyihaga ko‘ra yangi shaharning markaziy qismlaridan ko‘p funksiyali yer osti bog‘lamalari o’rin egallagan.
Qurilish, uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, mazkur yer osti majmualarida hayot uchun zarur sharoitlarning barchasi mujassam bo‘ladi: avtomobillar uchun avtomoyka va quvvatlash stansiyalari, velosiped turargohlari, hatto ota-onalar uchun qulay bola parvarishi xonalari ham tashkil etiladi.
Eng muhimi, ushbu loyihalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida to‘xtash joylari va xizmat ko‘rsatish nuqtalari xalqaro standartlar asosida bo’ladi.
Natijada Yangi Toshkent nafaqat me’moriy yechimlari, balki inklyuziv va qulay shaharsozlik yondashuvi bilan ham ajralib turadi.
Bu yer osti bog‘lamalari shahar hayotining qulayligi, xavfsizligi va zamonaviyligini ta’minlaydigan muhim bo‘g‘inlardan biriga aylanadi.