“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoniga nomzodlar ro‘yxati quyidagilarni birlashtiruvchi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi: Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, maktablar, Prezident maktablari va “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dasturi ishtirokchilari va dunyoning nufuzli oliy taʼlim, boshqa tashkilotlarida bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlar.
Ishchi guruh taqdimnomalar asosida hujjatlarni umumlashtirib, har yili 25 martga qadar belgilangan talablar asosida eng munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa qabul qiladi.
Xulosa asosida nomzodlarning hujjatlari “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish hamda ijrosini nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasiga yuboriladi.
Respublika komissiyasi har yili 20 mayga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ko‘krak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyatining qurultoyida topshiriladi.