Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etiladi

Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etiladi

Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, oliy taʼlim va ilmiy muassasalar muassisligida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etiladi.

2026 yil 1 maydan boshlab: korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida muassislarga beriladi va 5 yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladi;

korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarorini qabul qilish hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi;

korxonalar muassislarning Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilganda, u qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda venchur moliyalashtirishga tenglashtiriladi;

korxonalarning mehnat jamoasi tarkibida muassisning professor-o‘qituvchilari (ilmiy xodimlari) yoki talaba, izlanuvchilari ham faoliyat ko‘rsatishi talab etiladi;

korxonaga investorlar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlar (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha vakolatli davlat organining xulosasi talab etilmaydi.

Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestri joriy etiladi. Bunda:

Reyestrga kiritilgan hamda: belgilangan tartibda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar va ularning xodimlariga 2017 yil 30 iyundagi PF–5099-son Farmonda ko‘zda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi;

patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026 yil 1 maydan 2029 yil 1 maygacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.

2026 yil 1 maydan: olimlar va tadbirkorlar tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar bo‘yicha tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlarning bir qismi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi;

xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda berish tartibi 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling