Yangi gaz investitsiya bloklari zaxiralarning sekin o'sishi tufayli qayta inventarizatsiya qilinadi
Yangi gaz investitsiya bloklari zaxiralarning sekin o'sishi tufayli qayta inventarizatsiya qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonda tabiiy gaz qazib olishning barqaror o'sishiga to'sqinlik qiluvchi asosiy omil yangi tasdiqlangan zaxiralarning yetarlicha o'smasligi bo'lib qolmoqda. Bu xulosaga "O'zbekneftegaz" bosh direktori Abdug'ani Sanginov boshchiligidagi yig'ilishda erishildi.
Kompaniya matbuot xizmati ta'kidlashicha, aksar istiqbolli investitsiya bloklari xususiy investorlarga berilgan bo‘lsa-da, ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari sust olib borilmoqda.
Shu bois Boshqaruv raisi tomonidan Surxondaryo, Hisor va Ustyurt hududlarida zaxirasi oshirilmagan 31 ta investisiya blokini qayta xatlovdan o‘tkazish hamda Geologiya vazirligi balansidagi ayrim bloklarni “O‘zbekneftgaz” ixtiyoriga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Jamiyatga 2026-2027 yillarda har yili 30 tadan yangi tayyorlangan istiqbolli maydonlarni olish chorasi ko‘riladi.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan ikkinchi muhim masala — loyiha operatorlari faoliyatiga qo‘yilgan talablarni qat’iy belgilash bo‘ldi. Gaz qazib chiqarish bo‘yicha xususiy operatorlar masalasini qayta ko‘rib chiqish, majburiyatlarini bajarmayotganlarini o‘rniga ochiq tenderlar asosida yangi investorlarni jalb etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Ayniqsa, kam zaxirali yoki qazib olish murakkab bo‘lgan konlar uchun narx belgilash mexanizmlarining mavjud emasligi investorlar qiziqishining pasayishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Endilikda texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilib, tabiiy gazning boshlang‘ich narxini belgilash orqali ushbu konlarga sarmoya jalb etish uchun aniq iqtisodiy shart-sharoit yaratiladi.
Prezident tomonidan ma’qullangan takliflar jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Dividend to‘lovlarini geologiya-qidiruv ishlariga yo‘naltirish, mahsulotlarni ochiq birja savdolari orqali sotish hamda xususiy kompaniyalarga ko‘rsatiladigan qayta ishlash xizmatlari narxlarini bozor tamoyillari asosida belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Boshqaruv raisi tomonidan homiylik va nosohaviy xarajatlarning qat’iy taqiqlanishi moliyaviy resurslarni asosiy vazifalarga yo‘naltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Sohadagi o‘g‘irlik va korrupsiya holatlarini bartaraf etish masalasi alohida e’tibor beriladi. Neft bazalari va quvur tizimlarini SCADA va boshqa raqamli platformalarga ulash orqali mahsulot harakatini to‘liq nazorat qilish rejalashtirilgan.
Yoqilg‘i mahsulotlarini faqat 100 foiz oldindan to‘lov asosida berish, debitor qarzdorliklarni qisqartirish va huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda nazoratni kuchaytirish sohada moliyaviy intizomni tubdan o‘zgartirish belgilab olindi.
Prezident tomonidan 2026 yilda kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 milliondan 70 million kub metrga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu maqsadga erishish uchun aniq hisob-kitoblar asosida 149 ta geologik-texnik tadbir, 70 ta quduq burg‘ilash, 40 ta quduqni ta’mirlash hamda 6 500 kvadrat kilometr maydonda 3D seysmika ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Muhim jihati shundaki, har bir topshiriq ijrosi hujjatlar bilan tasdiqlanmaguncha nazoratdan yechilmasligi belgilandi. Bu esa, mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini keskin oshirishga xizmat qiladi.