«Yangi Avlod» MSZ to‘qqiz oy ichida investitsiyaviy loyihalar uchun yer uchastkalariing 60 foizini ajratdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtning Yangihayot tumanida joylashgan «Yangi Avlod» maxsus sanoat zonasi (MSZ) joriy yilning to‘qqiz oylik faoliyati yakunlarini eʼlon qildi.
Zona direksiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, hududning 60 foizi mahalliy va xalqaro kompaniyalarning investitsiyaviy loyihalari uchun ajratilgan.
BAAning DP World kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ilk multimodal logistika xabi qurilishi bo‘yicha loyiha eʼlon qilinganidan keyin investorlar qiziqishi yana-da ortadi, deb kutilmoqda.
Yangi rezidentlar va strategik loyihalar
«Yangi Avlod» MSZning ilk rezidentlaridan biri East Can Solutions korxonasi bo‘ldi. Joriy yil oktyabr oyida bu korxona faoliyati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishdi.
Zona hududida shuningdek qator yirik mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirgan. Ular orasida:
JAC Motors Toshkent — avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona,
EAS — sunʼiy intellekt elementlariga ega antidron tizimlar ishlab chiquvchisi,
shuningdek, mashinasozlik, logistika va yuqori texnologiyalar sohasidagi bir qator korxonalar mavjud.
Jahon darajasidagi infratuzilma
«Yangi Avlod» jahon standartlariga mos infratuzilmaga ega maydon sifatida rivojlanmoqda. Bu yerda mamlakatdagi ilk multimodal logistika xabi o‘zining temir yo‘l stansiyasi bilan barpo etilmoqda.
«Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu xab kompaniyalarga logistika xarajatlarini taxminan 10 foizga qisqartirish imkonini beradi. Biz zamonaviy injenerlik yechimlari va intellektual tizimlar orqali zonani turli sohalardagi biznes uchun qulay va jozibador maydonga aylantirishga intilayapmiz», — dedi MSZ bosh direktori Farrux Abdusolomov.
Investitsiyaviy imtiyozlar va biznes uchun sharoitlar
«Yangi Avlod» MSZ rezidentlariga keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilgan. Ular jumladan quyidagilardan ozod etiladi:
import qilingan uskunalar va xom ashyo uchun bojxona to‘lovlaridan,
foyda solig‘idan,
mulk va yer solig‘idan,
suv resurslaridan foydalanish to‘lovidan.
Zamonaviy injenerlik, transport va raqamli infratuzilmaning yaratilishi tufayli mazkur zona Toshkent va Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli sanoat va texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun eng qulay maydonlardan biriga aylanmoqda.