Yandex Uzbekistan svetofor chiroqlarini real vaqtda xaritalarda ko‘rsatadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Uzbekistan o‘zining navigatsiya xizmatlarida svetoforlarning chiroqlarini real vaqtda ko‘rsata boshladi. Bu orqali haydovchilar hatto ko‘rinish cheklangan holatlarda ham svetoforning qaysi chirog‘i yonib turganini bilishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ular harakat yo‘nalishini oldindan rejalashtirib, chorrahalardagi YTHlar ehtimolini kamaytirishlari mumkin.
Yangi yechim kelajakda haydovchilarga "yashil to‘lqin" orqali harakatlanish uchun optimal tezlikni tavsiya qilish, tirbandliklar va taksi yetib kelish vaqti prognozi aniqligini oshirish imkonini beradi. Pilot loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Hozirda mazkur yangilik Toshkentda sinov tariqasida joriy etilgan. Ayrim hududlarda – masalan, Amir Temur shohko‘chasi hamda Tiklanish va Gulyor ko‘chalari kesishmasidagi svetoforlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Yandex Maps va Navigator xizmatlarida allaqachon ko‘rsatilmoqda. Yandex Uzbekistan bu yechimni boshqa shaharlarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Endi haydovchilar smartfon ekrani orqali svetoforning qaysi chirog‘i yonib turganini bilishlari mumkin. Kelgusida esa ekranda harakatni qachon davom ettirish mumkinligini ko‘rsatuvchi teskari taymer ham joriy etiladi. Bu o‘z navbatida harakatdagi keskin burilishlar yoki to‘xtash chizig‘ida ortiqcha to‘xtashlar sonini kamaytiradi va chorrahalardagi xavf-xatarlarning oldini oladi. Bunday ma’lumot ayniqsa, yangi haydovchilar uchun shaharda harakatlanishni yengillashtiradi.
Svetoforlar haqidagi ma’lumot navigatsiya xizmatlariga manzilga yetib borish vaqti prognozi aniqligini oshirishga yordam beradi. Bu hisob-kitoblarda endi o‘rtacha emas, balki haqiqiy to‘xtash vaqtlari inobatga olinadi. Shuningdek, haydovchilarga bir nechta chorrahalardan yashil chiroqda o‘tib ketish uchun ruxsat etilgan optimal tezlikni tavsiya qilish mumkin bo‘ladi. Qo‘llanmaning boshqa shaharlarga ham tatbiq qilinishi yoqilg‘i tejamkorligiga hissa qo‘shadi. Texnologiya tirbandliklar prognozini aniqroq qilish va ularning sababini tushuntirish imkonini ham beradi.
Hozirda svetoforlar haqidagi ma’lumotlar Yandex Maps, Navigator hamda Apple CarPlay va Android Auto dasturlarida mavjud. Bundan tashqari, ushbu yechim Yandex Go xizmatida ham joriy qilinishi mumkin. Bu taksi chaqirish va yo‘l vaqti aniqligini yanada oshiradi.