Yandex Uzbekistan barqaror rivojlanish sohasidagi natijalarini taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Uzbekistan barqaror rivojlanish sohasidagi ilk hisobotini taqdim etdi. Hisobot jamiyat uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan loyihalarni o‘z ichiga oladi.
Kompaniya xizmatlari, xususan, O‘zbekistondagi yuz minglab insonlar uchun ta’lim va bandlik imkoniyatlarini yaratib bermoqda. Jumladan, joriy yilda Yandex Uzbekistan mamlakatda sun’iy intellekt sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassislarni tayyorlaydigan ilk maktabni ochdi, kompaniya hamkorlari esa 2025 yilning birinchi yarim yilligida 340 million dollardan ortiq daromad topishga muvaffaq bo‘ldi (2024 yilning shu davriga nisbatan +50%).
Kompaniya faoliyatida yana bir muhim yo‘nalish — o‘zbek tili va madaniyatini raqamli makonda rivojlantirishdir. Masalan, Yandex Search internetdan 11,6 million matnni o‘zbek tilida foydalanish uchun ochiq holatga keltirdi, Yandex Maps esa O‘zbekiston xaritasiga 27 ta arxitektura yodgorligining 3D-modellarini qo‘shdi.
IT-ta’lim va kadrlar tayyorlash
Yandex Uzbekistan'ning barqaror rivojlanish strategiyasidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri — ta’limni qo‘llab-quvvatlashdir. Kompaniya maktab o‘quvchilari uchun dasturlash bo‘yicha bepul kurslar tashkil etmoqda, o‘qituvchilarni neyrotarmoqlar va Python bilan ishlashga o‘rgatmoqda, shuningdek, mutaxassislar uchun haq to‘lanadigan amaliyotlar va intensiv ishlanma kurslarini amalga oshirmoqda.
2025 yilda kompaniya Yandex Uzbekistan Coding and Math Contest tanlovini o‘tkazdi — unda 87 nafar finalchi ishtirok etdi. Shuningdek, Technovation Girls xalqaro dasturi qo‘llab-quvvatlandi — unda 1,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qiz ishtirok etdi va 329 ta mustaqil loyiha taqdim etildi.
2025 yil oktabridan e’tiboran Yandex ML School — O‘zbekistonda sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan ilk maktab o‘z faoliyatini boshladi. Loyiha New Uzbekistan University bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va o‘qishga taxminan 3 mingta ariza qabul qilindi.
Bundan tashqari, kompaniya hududlarda xakatonlar o‘tkazib, qatnashchilarni aqlli shahar, xavfsizlik va inklyuziya yo‘nalishida innovatsion yechimlar ishlab chiqishga jalb qilmoqda.
Hamkorlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash
Yandex Uzbekistan'ning yana bir ustuvor yo‘nalishi — platformaviy bandlikni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbekistonliklar uchun daromad topish va biznes yuritishga yordam beradigan yechimlar yaratishdir.
2025-yilning yozida kompaniya O‘zbekistonda ilk bor Yandex Go orqali buyurtma bajaradigan o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi va kuryerlar uchun soliq to‘lash jarayonini avtomatlashtirdi. Bu ijrochilarning ma’muriy yukini sezilarli darajada kamaytirdi.
2024-yil davomida Yandex Go bilan hamkorlik qilgan haydovchi, kuryer va xizmatlar hamkorlari $500 mln daromad oldi, 2025-yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich $340 mln'ga yetdi — bu o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 50% ko‘proqdir.
Kichik va o‘rta bizneslar uchun Yandex Ads'ning neyrotarmoq asosidagi instrumentlari, Yandex Maps va Yandex Go xizmatlarining logistika va promotsiya imkoniyatlari, shuningdek, Yandex Cloud bulut platformasi taqdim etilgan. Uning yordamida koll-markazlar faoliyatini avtomatlashtirish, ovozli assistentlarni (jumladan o‘zbek tilidagi) ulash imkoni mavjud.
O‘zbek tili va madaniyatini rivojlantirish
Yandex Uzbekistan o‘zbek tilidagi raqamli muhitni rivojlantirish va milliy madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. 2025-yilda Yandex Search o‘zbek tilidagi neyrotarmoqlar asosida ishlashni boshladi. Bu yangilanish natijasida 11,6 million matn o‘zbek foydalanuvchilar uchun ona tilida ochiq va foydalanishga qulay bo‘ldi.
Yurtimiz musiqa sanoati rivojiga Yandex Music xizmati hissa qo‘shmoqda. 2025 yilda ishga tushirilgan UCHQUN loyihasi va “Mening to‘lqinim” sun’iy intellekt tavsiya tizimi o‘zbek artistlariga musiqalarini samarali targ‘ib qilish va yangi tinglovchilarni topishda yordam bermoqda. Yandex Books esa kitob sanoatini qo‘llab-quvvatlamoqda — katalogiga 900 dan ortiq o‘zbek tilidagi kitoblar kiritilgan.
Yandex Maps esa mamlakatning raqamli xaritasini Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivadagi me’moriy obidalarning uch o‘lchamli (3D) modellari bilan boyitmoqda. Hozirgi kunda xizmatda 27 ta yuqori aniqlikdagi 3D obyekt mavjud — jumladan, Registon maydoni, Poyi-Kalon va Labi-Hovuz majmulari, Kalta-Minor minorasi va Chorsu bozori.
Ijtimoiy va xayriya loyihalari
2023 yildan buyon Yandex NNTlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha doimiy dasturni rivojlantirmoqda: Yandex Go orqali bepul safarlar va yetkazib berish xizmatlaridan hozirda 7 ta tashkilot foydalanmoqda. Ushbu dastur doirasida 25 mingdan ortiq safar va 1,4 mingdan ziyod yetkazib berish xizmati amalga oshirilgan. Kompaniya, shuningdek, UzAlert qidiruv otryadi bilan hamkorlik qilmoqda — 27 mingdan ziyod haydovchi va 2 ming kuryer yo‘qolgan insonlar haqidagi xabarnomalarni qabul qilib, qidiruv hududini ancha kengaytiradi.
Har yili o‘tkaziladigan "Saxovatli noyabr" aksiyasi doirasida Yandex Go xizmatlari va foydalanuvchilari tomonidan 189 million so‘m xayriya yordami to‘planib, “Ona uyi”, Teach for Uzbekistan, ONA va Sharoit Plus fondlariga yo‘naltirilgan.
Yandex Uzbekistan'ning ijtimoiy sohadagi strategik hamkorlik loyihalaridan biri — nogironligi bo‘lgan maktab o‘quvchilari uchun transport tashkil etish tashabbusi bo‘lib, u 14 ta shaharda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha maxsus ehtiyojli bolalar uchun qulay va xavfsiz transport orqali ta’limga yetarli imkoniyat yaratishni maqsad qiladi.
«Ijtimoiy taksi — bu davlat organlari va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlik namunasidir. Bunday loyihalar orqali texnologiyalar haqiqatan ham odamlar manfaati yo‘lida xizmat qila boshlaydi. Yandex Uzbekistan nafaqat o‘z xizmatlarini muvaffaqiyatli rivojlantiryapti va daromad topish imkoniyatlari yaratmoqda, balki texnologiyalar jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkinligi haqida ham o‘ylaydi. ESG-hisobotning e’lon qilinishi — biznesning jamiyat oldida ochiqligi va mas’uliyatining yaqqol namunasidir», — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev.
Shahar muhiti va xavfsizlik
Yandex Uzbekistan ham xavfsiz, ekologik toza va qulay shahar muhitini rivojlantirish ustida ish olib bormoqda. Bugungi kunda Toshkent shahrida avtobuslarning harakatini, svetofor signallarini va tez yordam mashinalarining yo‘nalishini onlayn kuzatish mumkin.
Yo‘llarda xavfsizlikni oshirish maqsadida Yandex Go taksi xizmatlarida yo‘nalishdan og‘ish yoki keskin manyovrlarni aniqlaydigan texnologiyalar qo‘llaniladi, elektrosamokatlarda esa tezlik cheklovi mavjud. Shuningdek, taksida atrof-muhitga kam ta’sir ko‘rsatuvchi «Elektro» tarifi joriy qilingan bo‘lib, unda elektromobillar foydalaniladi va ular chiqindilar hamda shovqin darajasini kamaytiradi.
Raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyati
Yandex Uzbekistan barcha foydalanuvchilar, jumladan, imkoniyati cheklangan odamlar uchun ham xizmatlarni yanada qulay qilishga intilmoqda. 2025 yil iyun oyi yakuniga kelib, Yandex'ning 9 ta xizmati ko‘rish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun moslashtirilgan, Yandex Maps xizmatlarida esa nogironligi bor insonlar uchun qulayliklar haqida ma’lumot beruvchi 19 mingdan ortiq maxsus kartochkalari joylashtirilgan.
Yandex Go‘dagi Taksi xizmati ham imkoniyati cheklangan yo‘lovchi va haydovchilar uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan yechimlarni joriy etmoqda. 2023 yil aprelidan beri imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar Taksi orqali 535 mingdan ortiq safar amalga oshirgan. Buyurtma berish paytida ular uchun maxsus opsiyalar — masalan, “Nogironlik aravasida bo‘laman” tanlovi mavjud.
Yaxshi eshitmaydigan haydovchilar uchun Yandex Pro ilovasi ham moslashtirilgan: unda yorug‘lik signallari, vizual xabarnomalar va yo‘lovchi bilan muloqot qilish uchun chat funksiyasi joriy etilgan.
Yandex Uzbekistan'ning barqaror rivojlanish bo‘yicha to‘liq hisoboti quyidagi havolalar orqali mavjud: rus tilidagi versiya, o‘zbek tilidagi versiya.