Yandex Go‘dagi “Taomlar” xizmati Buxorodagi restoranlar uchun yangi bo‘limni ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro shahar aholisi Yandex Go ilovasida oflayn tashriflar uchun mo‘ljallangan muassasalarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi — “Taomlar” xizmatida “Qayerga borish mumkin” deb nomlangan yangi bo‘lim ishga tushdi. Unda hozircha shaharning 250 dan ortiq restoran va kafelari haqida ma’lumotlar mavjud. Bu bo‘lim avvalroq Toshkentda ham faoliyat ko‘rsata boshlagan edi.
“Qayerga borish mumkin” bo‘limida foydalanuvchilar turli ehtiyoj va zavqlarga mos ravishda tanlangan muassasalar to‘plamlarini topishlari mumkin. Mazkur to‘plamlar neyrotarmoqlar va mahalliy ekspertlar tomonidan shakllantirilgan. Masalan: “Chiroyli joylar”, “Nonushta”, “Palov”, “Go‘shtli taomlar” va boshqalar.
Agar restoran aniq parametrlarga mos kelishi kerak bo‘lsa, filtrlar orqali izlash imkoni ham mavjud: oshxona turi, o‘rtacha hisob, terrasa bor-yo‘qligi va boshqa xususiyatlarga qarab so‘rovni aniqlash mumkin. Har bir restoran va kafe uchun maxsus kartochka yaratilgan — u yerda muassasaning qisqacha tavsifi va suratlari mavjud. Ushbu tavsiflar neyrotarmoq va tahririyat tomonidan foydalanuvchilar fikri asosida tayyorlanadi. Agar muassasa “Taomlar” xizmati hamkori bo‘lsa, kartochkada qo‘shimcha ma’lumotlar ham mavjud: menyu, reyting, foydalanuvchi izohlari, ishlash soatlari va aloqa ma’lumotlari. Yo‘lni aniqlash funksiyasi ham shundan ilovaning o‘zi orqali Yandex Maps xizmatida amalga oshiriladi.
“Qayerga borish mumkin” bo‘limida foydalanuvchi o‘zining yoqqan joylarini “Sevimli” ro‘yxatiga qo‘shishi mumkin. Shu tariqa shaxsiy ro‘yxatlar tuzish va ularni boshqalar bilan bo‘lishish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, bo‘limda turli taomlar, ularning tarixlari va jahon gastronomiyasida muhim o‘rin tutadigan shaxslar haqida maqolalarni ham topish mumkin.
Restoranlar uchun ushbu yangi bo‘lim o‘z maqsadli auditoriyasi bilan aloqani mustahkamlash imkonini beradi. Bu orqali yangi mijozlarni jalb etish va muassasaning ommaviyligi oshishiga xizmat qiladi.