Valyuta kurslari 03/10/2025
$1 – 12099.72
UZS – 0,13%
€1 – 14223.22
UZS – 0,18%
₽1 – 148.90
UZS – 1,49%
Qidirish
Yandex Go karlar uchun “Taksi” xizmatini moslashtirdi

Yandex Go karlar uchun “Taksi” xizmatini moslashtirdi 

Yandex Go karlar uchun “Taksi” xizmatini moslashtirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Go haydovchilar uchun platformani yangiladi: endilikda xizmatga telefon qo‘ng‘iroqlarisiz — kar va zaif eshituvchi shaxslar uchun moslashtirilgan veb-sayt orqali ulanish mumkin.

O‘quv materiallari ishora tilida taqdim etilgan, avtomobillarda esa haydovchi va yo‘lovchilar o‘zaro muloqot qilishlari uchun maxsus kartochkalar joriy etilgan. O‘zbekistonda Yandex Go bilan 700 nafar kar va zaif eshituvchi haydovchilar hamkorlik qilmoqda. Ular oyiga 35 000 dan ortiq safarni amalga oshirishadi.

Ushbu yangilanishlar har yili sentyabrning so‘nggi yakshanbasida nishonlanadigan Xalqaro karlar kuni munosabati bilan joriy etilgan. Barcha o‘zgarishlar eshitish qobiliyati cheklangan haydovchilarning tajribasi va fikr-mulohazalari asosida ishlab chiqilgan.

Yo‘lovchilar bilan muloqotni yengillashtirish maqsadida avtomashinalarda «Kar yoki zaif eshituvchi haydovchi» deb yozilgan yostiq g‘iloflar va muloqot uchun maxsus kartochkalar joylashtirilgan. Ular orqali, masalan, haydovchidan konditsionerni yoqish yoki musiqa qo‘yish so‘ralishi mumkin.

Taksoparklar uchun esa mutaxassislar kar va zaif eshituvchi haydovchilar bilan to‘g‘ri va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga yordam beradigan qo‘llanma tayyorladi. U Yandex Pro tomonidan ochiq foydalanish uchun joylashtirildi, shunday qilib taksi sohasida ishlash eshitishda muammosi bor insonlar uchun ham borgan sari ochiq va qulay bo‘lib bormoqda.

Milliy ijtimoiy himoya agentligi matbuot kotibi, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Ro‘zmetova: «Biz uchun nogironligi bo‘lgan insonlar kasbiy faoliyatda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi va mamlakatning iqtisodiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishi prinsipial ahamiyatga ega. Yandex Go‘ning bu kabi tashabbusli loyihalari biznesning ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishi va inklyuziya masalasida hamkorlik qila olishini ko‘rsatadi. Xizmatlarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish faqat yangi ish o‘rinlari yaratish bilan cheklanib qolmaydi — balki hurmat, teng huquq va ochiq imkoniyatlar madaniyatini shakllantiradi. Biz bunday qadamlarni yuksak baholaymiz va O‘zbekistonda bepardash to‘siqsiz jamiyat qurishga yordam beradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz» deydi.

Toshkentdagi «Sharoit Plyus» NNT nogironlar jamiyati hammuassisi va loyihalar rahbari Dilmurod Yusupov: «Bu tashabbus biznesning nogironligi bo‘lgan odamlar jamoasi ehtiyojlariga quloq tutib, inklyuziv yo‘nalishda rivojlanishi va yurtimizda ijtimoiy o‘zgarishlar uchun turtki yarata olishining yorqin namunasidir. Biz kar va zaif eshituvchi haydovchilar uchun ish o‘rinlari yaratish borasida Yandeks bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. Muhimi, bu yechimlar eshitish imkoniyati cheklangan haydovchilarning o‘z fikr va takliflari asosida ishlab chiqilgan. Bu esa O‘zbekistonda ochiq mehnat bozorida yangi standartni belgilaydi va boshqa kompaniyalarga ham inklyuzivlikka investitsiya kiritish — barcha uchun bepoyon imkoniyatlar yaratadigan jamiyat qurishga qo‘shilgan hissa ekanini namoyon etadi» deb ta’kidladi.

Avvalroq Yandex Pro ilovasida eshitishda muammosi borlar uchun maxsus imkoniyatlar paydo bo‘lgan edi. Agar bu funksiyalar yoqilsa, buyurtma kelib tushganda haydovchining smartfoni titraydi va ekrani yonib o‘chadi. Yo‘lovchilar va qo‘llab-quvvatlash xizmatiga buyurtmani kar yoki zaif eshituvchi haydovchi bajarayotgani haqida ogohlantirish yuboriladi. Bu holda «Qo‘ng‘iroq qilish» tugmasi faol bo‘lmaydi, muloqot faqat chat orqali amalga oshiriladi. Ushbu imkoniyatlarni haydovchilar qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali yoqishlari mumkin — so‘rov ko‘rib chiqilgandan so‘ng, xizmat interfeysi yangilanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling