“YAMMT” IDAK orqali ish beruvchilarga tijoriy xizmatlar ko‘rsatiladi
“YAMMT” IDAK orqali ish beruvchilarga tijoriy xizmatlar ko‘rsatiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (763-son, 03.12.2025 y.) bilan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, talabgorlar “YAMMT” IDAK orqali ko‘rsatiladigan tijoriy elektron xizmatlardan o‘z xohishiga ko‘ra ixtiyoriy foydalanishlari mumkin.
Bunda mehnat faoliyatiga oid maʼlumotlarni “YAMMT” IDAKga ish beruvchilarning o‘zi tomonidan bepul ravishda shakllantirilishi cheklanmaydi.
“YAMMT” IDAK direksiyasi (vakolatli organ) tomonidan talabgorlarga quyidagi tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatiladi:
xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqidagi maʼlumotlarni “YAMMT” IDAKga kiritish;
xodimlarining avvalgi ish joy(lar)i to‘g‘risida mehnat daftarchasidagi yozuvlarni “YAMMT” IDAKga kiritish orqali elektron mehnat daftarchasini shakllantirish;
“YAMMT” IDAKda tashkilotning tuzilmasini shakllantirish.
Talabgor elektron tijoriy xizmatlardan foydalanish uchun o‘rnatilgan tartibda YAIDXPdan ro‘yxatdan o‘tadi va so‘rovnoma to‘ldiradi.
Vakolatli organ 3 ish kunida so‘rovnomani ko‘rib chiqadi.
Shundan so‘ng, tegishli hujjatlar talablarga muvofiq bo‘lganda, “YAMMT” IDAKda mehnat faoliyatiga oid elektron maʼlumotlarni shakllantiriladi va QR-kodli maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.