Yalpi majlisda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi
Yalpi majlisda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 14-yalpi majlisida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda shaharlarni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, fuqarolarning yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini zamonaviy talablar asosida shakllantirishdan iborat.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlari ochiq va shaffof bo‘lishi, renovatsiya dasturi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasiga joylashtirilishi va ommaviy axborot vositalari hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib borilishi alohida belgilanmoqda.
Shu bilan birga, kompensatsiyaning to‘rt xil shakli nazarda tutilmoqda. Jumladan, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi obyektni mulk qilib berish, pul mablag‘lari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi. Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
Mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining o‘n ikki foizi miqdorida bir martalik pul mablag‘lari berilishi belgilanmoqda.
Eng muhimi, tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, ko‘chirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga ko‘chirilishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili belgilanib, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etilishi kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Senat aʼzolari o‘z chiqishlarida eskirgan uy-joy fondini yangilash va aholiga zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilgan mazkur Qonun shaharlarimizning barqaror va rejali rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.