Valyuta kurslari 29/12/2025
$1 – 12057.32
UZS – -0,18%
€1 – 14192.67
UZS – -0,29%
₽1 – 155.16
UZS – -0,05%
Qidirish
Yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi

Yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi

Yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi.

Ijtimoiy reyestr – “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi.

Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, “davlat taʼminotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning toifalarini belgilashning quyidagi tartib joriy etiladi:

oila aʼzolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lgan belgilangan oilalar “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritiladi;

oila aʼzolari mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar “kambag‘al oila” toifasiga kiritiladi;

oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan quyidagi oilalar “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritiladi:

“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifalaridan chiqarilgan oilalar;

“mahalla yettiligi”ning tavsiyasi asosida Farmonda belgilangan og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oila deb topilgan oilalar.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning quyidagi tartibi joriy etiladi:

“davlat taʼminotidagi oila” toifasidagi oilalarga ijtimoiy xizmat va yordamlar, shu jumladan, bolalar nafaqasi va moddiy yordam ular mazkur toifada bo‘lgan davrida oila aʼzolarining bandlik holatidan qatʼi nazar va qo‘shimcha murojaat talab etmagan holda ko‘rsatib boriladi.

Bunda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati oila Ijtimoiy reyestrga kiritilgandan 12 oydan so‘ng qayta baholanadi, bundan oilaning holati vazirlik va idoralarning axborot tizimlari orqali o‘rganilishi mustasno;

“kambag‘al oila” toifasiga kiritilgan oilalarga:

bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam ular tayinlangan vaqtdan eʼtiboran 6 oy davomida oilaning mehnatga layoqatli aʼzolarining rasmiy bandligini taʼminlash sharti bilan tayinlanadi;

mehnatga layoqatli oila aʼzolarining rasmiy bandligi taʼminlanganda bolalar nafaqasi yoxud moddiy yordam qo‘shimcha murojaat talab qilmagan holda uzluksiz to‘lab boriladi;

oilaning mehnatga layoqatli aʼzolarining rasmiy bandligini taʼminlash sharti bajarilmaganda bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lash to‘xtatiladi.

Bunda oila bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun qayta murojaat qilganda “kambag‘al oila” toifasiga kiritilgani uchun oilaning mehnatga layoqatli aʼzolarining bandligini istisno etuvchi qoida 6 oy davomida qo‘llanmaydi;

“kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga:

bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oilalar mazkur toifaga kiritilgan vaqtdan eʼtiboran 6 oy davomida to‘lanadi;

oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,25 baravarigacha bo‘lganda, ularga to‘lanadigan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamning miqdori ushbu nafaqa yoki moddiy yordamning 75 foizini tashkil etadi;

oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal isteʼmol xarajatlarining 1,25 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lganda esa tegishli nafaqa yoki moddiy yordamning 50 foizini tashkil etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling