Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
O‘zbekiston 18/06/2025 Xususiy agentliklarga mehnat muhojirlarini tayyorlash va chet ellik ish beruvchilar bilan bevosita ishlashga ruxsat beriladi

Xususiy agentliklarga mehnat muhojirlarini tayyorlash va chet ellik ish beruvchilar bilan bevosita ishlashga ruxsat beriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida migratsiya sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, ushbu sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchidan yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslardan O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq undirish bo‘yicha taqiq olib tashlanyapti.

Shuningdek, Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilyapti. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdorini kamaytirish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, migratsiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirgan holda mazkur sohaga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilishga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling