Xovos tumani hokimining o‘rinbosari tovlamachilikda gumonlanib qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilishadi.
Ular, tasarrufida 452 gektar yer maydoni bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikni kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganligini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbaridan joriy yilning iyun oyida 10 ming AQSH dollari olishadi.
Keyinroq esa hokimi o‘rinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini o‘zining hamtavog‘i bo‘lgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.