Xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytiriladi
Xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–240-son, 03.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (Markazlar) faoliyatini kengaytirish;
2026–2027 yillarda “HAMROH” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi” MCHJ (Kompaniya) tomonidan:
6 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trln so‘m yo‘naltirish;
2,8 ming nafar xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish;
2 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatiga hamrohlik qilish asosida ko‘maklashish.
Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tashkil etilgan Markazlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish kabi faoliyatlarni tashkil etish uchun ijaraga beriladi.
2026 yil 1 yanvardan “NAMRON” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (Dastur) doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi:
tijorat banklari tomonidan taʼsischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqorini tashkil qilgan va (yoki) rahbari ayol kishi bo‘lgan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha BHMning 25 ming baravarigacha miqdorda kredit ajratish;
“Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etish.
Dastur doirasida: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mazkur Farmonda nazarda tutilgan mablag‘larni Kompaniyaga yo‘naltirish uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga Markaziy bankning asosiy stavkasida 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratadi;
Kompaniya kreditlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkagacha 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yildan oshmagan muddatga joylashtiradi.