Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
O‘zbekiston 31/07/2025 Xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali ularning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali ularning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Bandlikni ta’minlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, daromadli mehnat bilan kafolatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Bu boradagi islohotlar natijasida kambag‘allik darajasi qisqarmoqda, fuqarolar farovonligi ortmoqda.

Olib borilayotgan sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish maqsadida qonunchilikda yangi normalarni aks ettirish zarurati yuzaga kelyapti.

Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat tashkilotlariga yo‘llanma asosida ishga joylashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bunga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asos bo‘ladi.

Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi belgilanmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zaruratiga e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga bir qator savollar berdi. Xususan, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi a’zosi Nodir Tilavoldiyev mazkur qonun loyihasi fraksiya yig‘ilishida keng muhokama qilinganini qayd etib, taklif etilayotgan qonun loyihasining 34-moddasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi talabnomasi bo‘yicha yuborilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega xotin-qizlar davlat tashkilotlarida ishga qabul qilinmasa, qonunchilikda javobgarlik belgilanilayotgani qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? degan savol bilan qonun tashabbuskorlariga yuzlandi. Vaholanki, yaqinda Prezidentimizni aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishtirish jarayonida yangi reja va tashabbuslar haqida ma’lumot berilib, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilayotgani aytilgandi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Sirojiddin Boboqulov qonun loyihasida ushbu norma faqat davlat organlari va tashkilotlari, ya’ni davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar uchun belgilanilayotganini ma’lum qildi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni ishga joylashtirishda, ya’ni davlat tashkilotlarida tanlov asosida qabul qilinadigan boshqaruv lavozimlariga ularni tavsiya qilish boshqa qonun hujjatlariga zid emasmi? degan savolni o‘rtaga tashladi.

Qonun tashabbuskorlari, mutasaddilar ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirish berib o‘tdilar.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling