Xoshimin — Istanbul reysi Samarqandga majburiy qo‘ndi
Xoshimin — Istanbul reysi Samarqandga majburiy qo‘ndi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkish Airlines aviakompaniyasining Xoshimin — Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan TK163 reysi Samarqand xalqaro aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirdi.
Uzbekistan Airports matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Boeing 787 samolyoti ekipaji bortdagi yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i keskin yomonlashgani sababli zaxira aerodromga yo‘nalish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 03:40 da Samarqandga xavfsiz qo‘ngan. 1959 yilda tug‘ilgan Fransiya fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchiga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, unda infarkt gumon qilinmoqda. Yo‘lovchi va uning ikki nafar hamrohi keyingi tekshiruv va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot xizmatlariga topshirilgan.
Barcha zarur jarayonlar yakunlanganidan so‘ng reys o‘z yo‘nalishi bo‘yicha parvozni davom ettirgan. Turkish Airlines aviakompaniyasi samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 05:11 da Samarqanddan Istanbulga uchib ketgan.