Xorazmda uzunligi 49 kilometr bo‘lgan Xiva — Urganch pullik avtotrassasi quriladi
Xorazmda uzunligi 49 kilometr bo‘lgan Xiva — Urganch pullik avtotrassasi quriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xorazm viloyatida Xiva va Urganch shaharlarini bog‘laydigan, uzunligi 49 kilometr bo‘lgan pullik avtoyo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Xiva shahar hokimiyati matbuot xizmati.
Yangi yo‘nalish mavjud Xiva shossesi (D215)ga muqobil bo‘lib, hududning transport tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy yo‘l infratuzilmasini yaratishga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, trassa Xiva shahrida Elobod va Nurli Hayot ko‘chalari chorrahasidan, temir yo‘l vokzali yaqinidan boshlanib, viloyat markazini janub va sharq tomondan aylanib o‘tib, Urganch aeroportigacha yetib boradi.
Pullik avtoyo‘lning ochilishi shaharlar o‘rtasidagi avtomobil qatnovini yengillashtirishi, safar vaqtini qisqartirishi, harakat xavfsizligini oshirishi hamda yuk va yo‘lovchilar tashishni tezlashtirishi kutilmoqda. Shuningdek, loyiha Xorazm viloyatining investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Avtotrassa qurish tashabbusi 14 yanvar kuni turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan.
Muhokama doirasida Urganch vokzali bilan aeroport o‘rtasida temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish rejalari ham maʼlum qilindi.