Xorazmda payvandlash uskunasi ichiga yashirilgan geroin fosh qilindi
Xorazmda payvandlash uskunasi ichiga yashirilgan geroin fosh qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Qo‘shko‘pir tumanida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, tuman markazidagi avtoturargohda turgan, Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi, 2001 y.t. shaxs xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yuk sumkasida bo‘lgan temir payvandlash uskunasi (svarka apparati) ichiga xufiyona tarzda 1 kg 460 gr “geroin” va 27 gr “opiy” moddalari yashirilganligi maʼlum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, u muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlardan olgan ushbu ajal og‘usini Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi mijozlarga sotib, mo‘may daromad topishni maqsad qilgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda mazkur jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.