Xorazm viloyatida «Soliq servis» xodimi soxta mehnat staji rasmiylashtirgani uchun qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Gurlan tumanidagi “Soliq servis” davlat unitar korxonasi bosh mutaxassisi o‘z mavqeidan foydalangan holda soliq idoralaridagi tanishlari orqali 2 nafar mahalliy fuqaroga ular muqaddam hech qayerda ishlamagan bo‘lsalar-da, 2025 yil yanvar oyidan iyun oyiga qadar bo‘lgan davrda ularga ish haqi hisoblab, bu haqida maʼlumotnoma rasmiylashtirib berishini aytadi.
DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan IJQK Departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mutaxassis o‘z xizmati evaziga 12 mln 500 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.