Xorazm madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun moliyalashtirishni ikki barobar oshirmoqda: 2026 yilda obyektlarga 37,5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Xorazm madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun moliyalashtirishni ikki barobar oshirmoqda: 2026 yilda obyektlarga 37,5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya kun tartibida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq 14 ta muhim masala ko‘rib chiqildi.
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida mahalliy telekanal va ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli tarzda efirga uzatilgan sessiya kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqdi.
Qayd etildiki, 2025 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish surʼati 107,9 foizga bajarilib 63 trillion so‘mni tashkil qildi. Bunda 34 trillion so‘mlik sanoat va 35 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Hududda, shuningdek 14 trillion so‘mlik qurilish ishlari hamda 37 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Hisobot davrida 102 ta loyiha doirasida 1,1 milliard AQSH dollarilik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 456 million AQSH dollarilik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.
Viloyat iqtisodiyotini yana-da ko‘tarishning zaxira va imkoniyatlari mavjud. Ayniqsa, turizm sohasini yana-da rivojlantirishga zamin yaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda viloyatdagi 8 ta madaniy meros obyektida 16,3 mlrd. so‘mlik taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilgan. 2026 yilda ham ushbu ishlar davom ettirilib, taʼmirlash-tiklash, restavratsiya va rekonstruksiya ishlari uchun 37,5 mlrd. so‘m yo‘naltiriladi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar bo‘yicha viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqa masʼul rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Ko‘tarilgan barcha masalalar deputlar tomonidan keng muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.