Xitoyning Shandun provinsiyasida O'zbekiston hududlarining investitsiyaviy salohiyati taqdimot qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Shandun provinsiyasining Szinan shahrida bo'lib o'tgan qurilish sanoati bo'yicha Xitoy va O'zbekiston xalqaro forumida ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Shandun provinsiyasi savdo departamenti tomonidan tashkil etilgan forum qurilish materiallari ishlab chiqarish, dizayn, arxitektura va muhandislik tadqiqotlariga ixtisoslashgan 60 dan ortiq yetakchi kompaniyalarni birlashtirdi.
Taqdimotlarda O'zbekiston qurilish sohasidagi investitsiya imkoniyatlari va loyihalari haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
O'zbekiston delegatsiyasining taqdimotlari Xitoy tomonida katta qiziqish uyg'otdi. Ular hamkorlikning aniq mexanizmlari, davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari va O'zbekistondagi logistika borasidagi savollariga javob oldilar.
Ishtirokchilar, shuningdek, Szinan qurilish materiallari sanoat parkiga tashrif buyurib, zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari, energiya tejovchi texnologiyalar, yuqori sifatli qurilish mahsulotlari bilan tanishdi.