Xitoyning O'zbekistondagi elchisi qo'shma loyihalarni muhokama qilish uchun Andijon viloyatiga tashrif buyurdi
Xitoyning O'zbekistondagi elchisi qo'shma loyihalarni muhokama qilish uchun Andijon viloyatiga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida elchi janoblarini Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qabul qildi.
Uchrashuv avvalida viloyat rahbari martabali mehmonni Andijon zaminida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, mavjud sanoat va investitsiya imkoniyatlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Xususan, viloyatda sanoat, logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati hamda qo‘shma korxonalarni tashkil etish borasidagi istiqbolli rejalarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga Xitoy tomoni har tomonlama tayyor ekanligini ta’kidladi. Elchi janoblari Andijon viloyatining yuqori investitsion salohiyatini e’tirof etib, qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari mavjudligini qayd etdi.
Samimiy va do‘stona ruhda kechgan muloqot chog‘ida keyingi yillarda O‘zbekiston–Xitoy strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi. Bu jarayonda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari muhim ahamiyat kasb etayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi esa ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlagani e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish, investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.