Xitoyning Guizhou Huayu Group kompaniyasi Namangandagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda
Xitoyning Guizhou Huayu Group kompaniyasi Namangandagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Guychjou provinsiyasiga tashrif doirasida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoy Xalq Respublikasining yirik sanoat va development kompaniyalaridan biri — “Guizhou Huayu Group” korporatsiyasi Prezidenti Jou Fu bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Namangan shahrida zamonaviy renovatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilinib, mazkur yo‘nalishda amaliy kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar baliqchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Mazkur loyihalar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgani taʼkidlandi.
Muzokaralar davomida Namangan viloyati hududida Guychjou maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalasi ham muhokama qilinib, “Guizhou Huayu Group” korporatsiyasi tomonidan ushbu tashabbusga nisbatan katta qiziqish bildirildi. Ushbu loyiha ikki hudud o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya oqimini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, tashrif doirasida Namangan viloyati delegatsiyasi “Guizhou Huayu Group” korporatsiyasi tomonidan Guyyan shahrida amalga oshirilgan yirik renovatsiya loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Xususan, mazkur loyiha doirasida barpo etilgan Yangi Guyyan shaharchasi infratuzilmasi, zamonaviy shaharsozlik yechimlari, turar joy hamda ijtimoiy obyektlar majmuasi taqdim etildi. Ushbu tajribani Namangan shahrida amalga oshiriladigan renovatsiya loyihalarida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etish hamda loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.