Xitoylik investorlar bilan infratuzilma, imtiyozlar va MIZdagi muammoli jihatlarni hal qilish masalalari muhokama qilindi
Xitoylik investorlar bilan infratuzilma, imtiyozlar va MIZdagi muammoli jihatlarni hal qilish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov mamlakat hududida Xitoy kompaniyalari ishtirokida tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan maxsus industrial zonalar (MIZ) direksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda Mingyuan Silu (Tianjin) Industry Co. Ltd., Da Shun Group, Anhui Huayan Group, Wenzhou Jinsheng Trading Co. Ltd. hamda Sinoma Tech kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mazkur kompaniyalar ishtirokida MIZ hududlarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining joriy holati, infratuzilmani rivojlantirish masalalari, amaldagi soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish, shuningdek faoliyat jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, MIZ hududlariga muhandislik tarmoqlarini olib kirish, elektr uzatish liniyalari va gaz quvurlarini ko‘chirish, ichki hamda kirish avtomobil yo‘llarini qurish, shuningdek yuqori kuchlanishli podstansiya barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida xitoylik investorlar tomonidan bildirilgan barcha masala va takliflar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, ularni bosqichma-bosqich va o‘z vaqtida hal etishga qaratilgan aniq amaliy yechimlar taklif etildi.