Xitoy kompaniyalari yashil energetika yo‘nalishida amalga oshirayotgan loyihalarga mahsulotlar yetkazib berish muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan energetika loyihalarining bugungi kundagi salmog‘i juda katta.
Xitoyning “China Datang” kompaniyasi va uning hamkori “Dongfang Electric Corporation” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanida amalga oshirilayotgan loyiha bunga misol bo‘la oladi.
Ushbu loyihaga ko‘ra qiymati $ 170 mln dollar, quvvati 264 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi.
Kuni kecha mazkur ikki kompaniya vakillari “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga tashrif buyurdilar.
Uyushma raisi o‘rinbosari Jahongir Jamalov, “China Datang” kompaniyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Wan Hao va “Dongfang Electric Corporation” kompaniyasi loyihalar bo‘yicha direktori Wu Hao bilan muloqot olib bordi.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyalari tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan loyihalarga mahalliy elektrotexnika mahsulotlarini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
2024-yilda “China Datang” kompaniyasi O‘zbekistonda “Ipak yo‘li energetikasi” qo‘shma texnologik innovatsion ilmiy-tadqiqot markazini (R&D) ishga tushirdi. Shu bilan birga kompaniya energetika sohasida texnik-muhandis xodimlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlika institut ochishni rejalashtirmoqda.
Ushbu yo‘nalishlarda ham xorijiy kompaniya bilan hamkorlik qilish bo‘yicha mehmonlar uyushma huzuridagi “Eltechlab” laboratoriyasi va “Eltech-Malaka” o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.