Xitoy kompaniyalari Oʻzeltexsanoat bilan Oʻzbekistonda mahalliy zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish loyihasini muhokama qilishdi
Xitoy kompaniyalari Oʻzeltexsanoat bilan Oʻzbekistonda mahalliy zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish loyihasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O‘zeltexsanoat" uyushmasiga Xitoy Xalq Respublikasining yirik kompaniyalari vakillari tashrif buyurdi. Jumladan, "Southern Power Grid Electric Vehicle Service" kompaniyasi boshqaruv direktori o‘rinbosari Van Qi hamda "Hanov Holding" kompaniyasi boshqaruv direktori Yan Yang boshchiligidagi xorijiy mehmonlar tashrif buyurdi.
Tashrif davomida "O'zeltexsanoat" uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov xorijiy kompaniyalar mutasaddilari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini mahalliy ishlab chiqarish va joriy etish bo‘yicha istiqbolli loyihani hamkorlikda amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, texnologiyalar transferi, investitsiya kiritish mexanizmlari, mahalliylashtirish darajasi hamda uzoq muddatli strategik sheriklik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ushbu tashabbus O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” va elektromobil infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha maqsadlariga xizmat qilishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelgusidagi muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
"Southern Power Grid Electric Vehicle Service" Xitoyning yirik davlat energetika tizimlaridan biri — "China Southern Power Grid" tarkibiga kiruvchi, elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirishga ixtisoslashgan nufuzli kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Xitoy bo‘ylab minglab zaryadlash stansiyalarini boshqaradi, aqlli energiya va raqamli boshqaruv yechimlarini joriy etgan. "Hanov Holding" esa energetika, elektrotexnika, sanoat infratuzilmasi va investitsiya loyihalariga ixtisoslashgan holding bo‘lib, xalqaro hamkorlik, texnologiyalar transferi hamda ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega.