Valyuta kurslari 27/02/2026
$1 – 12136.57
UZS – -0,0%
€1 – 14318.73
UZS – 0,08%
₽1 – 157.70
UZS – -0,52%
Qidirish
Xelsinkida Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Xelsinkida Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Xelsinkida Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tahliliy markazlar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Finlyandiyaning Xelsinki shahrida bo‘ldi. Tashrif Martti Axtisaari tinchlik jamg‘armasi va Norvegiya nizolarni hal qilish markazi ko‘magida tashkil etildi.

Tashrif doirasida joriy yilning 23-25 fevral kunlari Martti Axtisaari Tinchlik jamg‘armasi rahbariyati, Tashqi ishlar, Ta’lim va madaniyat, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, Atrof-muhit va iqlim vazirliklari vakillari, shuningdek, Finlyandiya Parlamenti, Shimoliy Yevropa Investitsiya banki va Shimoliy mamlakatlar vazirlar kengashi a’zolari bilan qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ekspertlari ishtirok etdi.

Muzokaralarda Markaziy Osiyoning yetakchi tahliliy markazlari, jumladan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti vakillari ham ishtirok etdi.

Finlyandiya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Suhbatdoshlar davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Asosiy tarmoqlarni izchil modernizatsiya qilish barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholi turmush darajasini oshirish va mamlakatning global jarayonlarga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishga qaratilgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning pragmatik, konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan faol siyosiy muloqot, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, suv-energetika va ekologiya sohalarida qo‘shma yechimlarni ilgari surish ishonchni mustahkamlashga va sheriklikning barqaror mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qilgani, Markaziy Osiyoni barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoniga aylantirgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, fin ekspertlari O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning uzoq muddatli tizimli xususiyatini yuqori baholab, mamlakatning mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlarning asosiy drayverlaridan biri sifatidagi roli kuchayib borayotganini ta’kidladilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Finlyandiya Prezidenti A.Stubbning 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi Shimoliy kengash davlatlari uchun muhim siyosiy signal bo‘lib, Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan strategik ahamiyatini tasdiqladi va keng ko‘lamli yo‘nalishlar bo‘yicha mintaqalararo muloqotni rivojlantirishga turtki berdi.

"Yashil" iqtisodiyot, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, innovatsion rivojlanish, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash kabi sohalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan qayd etilgan sohalarda Finlyandiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan amaliy sheriklikni kengaytirish uchun qiziqish uyg‘otadigan ilg‘or kompetensiyalarga ega ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha istiqbolli tashabbuslar va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida ekspertlar bilan muloqotni, jumladan, tahliliy va tadqiqot institutlari orqali davom ettirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling