Xalqaro valyuta jamg'armasi va O'zbekiston soliq ma'muriyatchiligini isloh qilish bo'yicha keyingi qadamlar bo'yicha kelishib oldilar
Xalqaro valyuta jamg'armasi va O'zbekiston soliq ma'muriyatchiligini isloh qilish bo'yicha keyingi qadamlar bo'yicha kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 26-yanvar kuni Soliq qo‘mitasi Raisi Farrux Pulatov Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Koba Gvenetadze boshchiligidagi jamg‘arma delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida delegatsiya rahbari XVJ o‘z mohiyatiga ko‘ra iqtisodiyotda o‘ziga xos vazifani bajarishi, ya’ni mamlakatning makroiqtisodiy holatini har tomonlama tahlil qilishi, yashirin iqtisodiyot va tizimli xavf-xatarlarni aniqlashi, shuningdek iqtisodiy rivojlanishning barqarorligi va mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
XVJ tomonidan asosiy yo‘nalishlar sifatida soliq bazasini yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish, shuningdek iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish jarayonlari, TADAT baholashi doirasida berilgan tavsiyalarni amaliyotda qo‘llash, riskka asoslangan yondashuvlarni rivojlantirish hamda yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha Hududlararo soliq inspeksiyasini institutsional jihatdan mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Soliq xizmati organlarining institutsional barqarorligini oshirish makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi muhim omillardan biri ekanlagi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026-yil mart–aprel oylariga rejalashtirilgan XVJning navbatdagi missiyasi, shu bilan birga soliq va moliyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda Jamg‘armaning texnik ko‘mak ko‘rsatishdagi o‘rni e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligi ta’kidlanib, XVJ tomonidan o‘z vaqtida amalga oshiriladigan tahlil hamda tavsiyalarni izchil amaliyotga joriy etish O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash va uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashning muhim sharti ekani qayd etildi.