Xalqaro valyuta jamg'armasi O'zbekistonning iqtisodiy islohotlarini yuqori baholadi
Xalqaro valyuta jamg'armasi O'zbekistonning iqtisodiy islohotlarini yuqori baholadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov 1-aprel kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatimizdagi missiyasi rahbari Yasser Abdix bilan ham uchrashdi.
Muloqot chog‘ida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, sarmoyalarni jalb etish hamda ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
XVJ vakillari O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va tashqi xatarlarni samarali boshqarish borasida ko‘rilayotgan choralarga yuqori baho berishdi.
Missiya a’zolari savdo-sotiqni erkinlashtirish, tadbirkorlik subyektlari uchun tartib-taomillarni soddalashtirish hamda eksport infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarning natijalari bilan yaqindan tanishdilar.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nufuzli xalqaro reytinglardagi o‘rni yuksalib borayotgani alohida qayd etildi. Xususan, "Heritage Foundation" jamg‘armasining 2026-yilgi Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz "Investitsiyalar erkinligi" (70 ball) va "Savdo erkinligi" (80.6 ball) ko‘rsatkichlari bo‘yicha mintaqada eng yuqori natijalarni qayd etdi.
Uchrashuv yakunida Xalqaro valyuta jamg‘armasi ikki tomonlama hamkorlik doirasidagi tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.