Xalqaro pochta jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (700-son, 06.11.2025 y.) bilan “Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tkazilishi kerak.
Pochta aloqasi operatori va ekspress tashuvchi tomonidan pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona ko‘zdan kechiruvi hamda bojxona ko‘rigini o‘tkazish uchun bojxona organlariga taqdim etiladi.
Ushbu jo‘natmalar orqali olib kiriladigan va yuboriladigan tovarlar bojxona nazoratida tashish shartlariga rioya etgan holda manzil bojxona postiga yetkaziladi.
Jo‘natmalarni tashish, yuklash (qayta yuklash), tushirish, saqlash va boshqa shu kabi yuk operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan xarajatlar pochta aloqasi operatori yoki ekspress tashuvchi hisobidan qoplanadi.
Pochta va kuryerlik jo‘natmasi bojxona organlari tomonidan xavfni boshqarish tizimini qo‘llagan holda “qizil”, “sariq” va “yashil” yo‘laklar orqali ro‘yxatga olingan jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.