Xalqaro gumanitar huquq sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Xalqaro gumanitar huquq sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Xalqaro gumanitar huquq sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Milliy markaz direktori A. Saidov bilan Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy delegatsiyasi rahbari B.Miloshevich o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama uchrashuv nafaqat joriy yutuqlarni tahlil qilish, balki uzoq istiqboldagi hamkorlik strategiyasini shakllantirishga ham bag‘ishlandi.

Suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro gumanitar huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalalariga to‘xtaldilar. Milliy axborot byurosini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Jeneva konvensiyalariga ko‘ra, davlatlar tinchlik davrida, ya’ni oldindan, qurolli mojarolar sharoitida harbiy asirlar, tinch aholi va bedarak yo‘qolganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvini ta’minlashga xizmat qiladigan organ – Milliy axborot byurosini tuzishni yoki uni tuzish mexanizmlarini nazarda tutishlari shart. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov shunday Byuroni ta’sis etish masalalari bo‘yicha kelishuvning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish uchun Milliy markaz davlat organlari va Qizil Yarim Oy jamiyati o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lishga tayyorligini tasdiqladi.

Kun tartibidagi muhim bandlardan yana biri qonunchilik tashabbuslarini muhokama qilish bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari tashkilot faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq aniq tartibga soladigan O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati to‘g‘risida maxsus qonun ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar. Inson huquqlari bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishda o‘zini yaxshi namoyon etgan diplomatik korpus va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda keng ko‘lamli maslahatlashuvlar formatidan qonun loyihasini tayyorlashda ham foydalanish taklif etildi.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy delegatsiyasi rahbari B. Miloshevich, shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi prezidenti tomonidan oltita hammasisi davlat (Qozog‘iston, JAR, Braziliya, Xitoy, Iordaniya va Fransiya) bilan birgalikda davlatlarning xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya etish borasidagi siyosiy irodasini mustahkamlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan «Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha global tashabbus» haqida ma’lumot berdi.

Ayni paytda bu boradagi maslahatlashuv jarayoni tibbiyot va gumanitar soha xodimlarini himoya qilish, dengiz urushi, kiberxavfsizlik va xalqaro gumanitar huquq, avtonom qurol-yarog‘lar, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha milliy komissiyalarning ilg‘or tajribalaridan iborat bir nechta tematik yo‘nalishni qamrab olgan. Navbatdagi konferensiyani 2026-yil dekabr oyida Iordaniyada o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy delegatsiyasi 2026-yil sentyabr oyida o‘tkaziladigan va inson huquqlari bo‘yicha ikkita asosiy Pakt – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga bag‘ishlanadigan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand yubiley forumining hamtashkilotchisi bo‘lishga taklif qilindi.

Tomonlar yoshlar ta’limi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalariga ham to‘xtaldilar. Xususan, Jeneva konvensiyalari va fakultativ protokollarini o‘zbek tilida lotin imlosida qayta nashr etish orqali akademik muhitni sifatli adabiyotlar bilan ta’minlash haqida so‘z bordi. Tomonlarning fikricha, o‘quv materiallarining yangilanishi O‘zbekiston yuridik oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun muhim dastak bo‘ladi.

Ma’rifat mavzusining davomi sifatida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash umumiy ustuvor vazifa bo‘lib qolayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan A. Saidov va B. Miloshevich xalqaro gumanitar huquq mavzusida milliy esse tanlovini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildilar. Bu tanlov nafaqat yoshlarning gumanitar fanlarga qiziqishini rag‘batlantirish, balki g‘oliblarga Markaziy Osiyodagi yirik mintaqaviy ta’lim platformalarida ishtirok etishga yo‘l ochishi mumkinligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin hamkorlikning davom ettirilishi mamlakatda gumanitar qadriyatlar va huquqiy standartlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar. Ishchan va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan ushbu muloqot tomonlar o‘rtasidagi sheriklik darajasi yuqori ekanini amalda tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling