“World Travel Market London – 2025” ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Londonda turizm sohasida dunyodagi eng yirik xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardan biri – “World Travel Market London – 2025” bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada Turizm qo‘mitasi, mamlakatimizning Londondagi Elchixonasi va “Milliy PR-markazi” DM ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendida 10 dan ortiq milliy sayyohlik kompaniyalari va yurtimiz hunarmandlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Milliy stendda O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi. Unda tashrif buyuruvchilar respublikamiz, jumladan uning boy madaniy va tarixiy merosi, qadimiy shaharlari, mehmondo‘stlikning zamonaviy rivojlanishi va infratuzilmalar haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. O‘zbekiston pavilyonida yangi sayyohlik yo‘nalishlarini qidirayotgan Britaniya va xorijiy kompaniyalar bilan B2B formatida muzokaralar o‘tkazish uchun sharoitlar tashkil etilgan.
Bundan tashqari, hamkor mamlakatlar va yirik tashkilotlarni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan TXTY-2025 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Milliy stendda O‘zbekistonning boy madaniyati va urf-odatlarini aks ettiruvchi milliy folklor dasturi namoyish etilmoqda. O‘zbek raqslari, an’anaviy kuy-qo‘shiqlar va turli hududlarga xos madaniy ko‘rinishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirmoqda.
“WTM London” turizm sohasidagi eng yirik va ommabop xalqaro ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, ushbu sohadagi xizmatlarning deyarli barcha turlarini taqdim etadi. “WTM” 1980-yildan buyon har yili Londonda oʻtkaziladi. 2009-yildan O‘zbekiston ushbu tadbirda muntazam ishtirok etib keladi.
“WTM-2025” ko‘rgazmasida 180 dan ortiq mamlakatlar, 4 mingga yaqin sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarning stendlari turizm sohasidagi 45 mingdan ortiq mutaxassislar tomonidan namoyish etilmoqda.