Wildberries O’zbekistonda WB Taxi xizmatini ishga tushiradi
Wildberries O’zbekistonda WB Taxi xizmatini ishga tushiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Wildberries O’zbekistonda WB Taxi deb nomlangan taksi buyurtma qilish xizmatini sinov rejimida ishga tushirishga tayyor ekanini e'lon qildi. Loyihaning birinchi bosqichida xizmat "yopiq klub" formatida ish boshlaydi, bu esa kompaniyaga xizmatning ishga tushirilishini nazorat qilishga va mijozlarga eng qulay foydalanish shart-sharoitlarni taqdim etishga imkon beradi.
Xizmatni sinab ko'rishga jalb qilingan birinchi foydalanuvchilar guruhiga marketpleysning xodimlari va hamkorlari kiradi. Ular uchun, shuningdek, barcha kelajak yo'lovchilar uchun foydali tariflar, taksining tez yetkazib berilishi, hamda naqd pulsiz to'lovlar uchun mo’ljallangan va "arbuz" deb atalgan kompaniyaning virtual valyutasida yo’l haqining 50 foizi keshbek sifatida taqdim etiladi.
WB Taxi haydovchilariga ham hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar taklif etiladi. Asosiy afzalliklarga agregatorning past komissiyasi va haydovchilarning xizmat sifatini ta’minlagan holatlarda har bir smena uchun kafolatlangan daromad kiradi.
“Xizmatning ‘yopiq klub’ formatida ishga tushirilishi bizga xizmatni rivojlantirish masalalariga maksimal e'tibor qaratish imkonini beradi” — deydi WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiy. “Biz mahsulotni bosqichma-bosqich ishga tushiramiz, tizimning barcha elementlarining ishini diqqat bilan kuzatamiz. Klub ishtirokchilarining fikri bizga xizmatni yaxshilash va masshtablashga tayyorlanishda yordam beradi.
Wildberries o'zining logistika va transport yechimlarini izchil rivojlantirmoqda. Kompaniyaning katta yuk oqimlarini boshqarish va marshrutlarni optimallashtirish tajribasi samaradorlik, qulaylik va texnologik rivojlanishga yo'naltirilgan yangi xizmatlarni joriy etishga imkon beradi.
O’zbekistonda WB Taxi xizmatining keyingi rivojlanish bosqichlari qamrab olish geografiyasini kengaytirish va xizmatni keng auditoriyaga bosqichma-bosqich ochishni o'z ichiga oladi.