Valyuta kurslari 06/11/2025
$1 – 11970.67
UZS – 0,17%
€1 – 13748.31
UZS – 0,03%
₽1 – 147.59
UZS – -0,07%
Qidirish
Wersirius O'zbekistonda operatsiyalar markazini ochishni ko'rib chiqmoqda

Wersirius O'zbekistonda operatsiyalar markazini ochishni ko'rib chiqmoqda

Wersirius O'zbekistonda operatsiyalar markazini ochishni ko'rib chiqmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi, shuningdek, IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov rahbarligidagi vakillar amaliy tashrif bilan AQShda bo‘ldi.

Tashrif doirasida delegatsiya Wersirius Holding hammuassisi Danilo Toshich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida tomonlar logistika autsorsingi, raqamli transformatsiya va kadrlar salohiyatini rivojlantirish sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Muloqotda Wersirius Holding kompaniyasining xalqaro tajribasidan foydalanish orqali O‘zbekistonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish, yosh mutaxassislar uchun ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning xalqaro logistika xizmatlari bozoridagi mavqeini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, IT Park rezidentlik dasturi doirasida O‘zbekistonda Wersirius operatsion markazini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Ushbu markaz xalqaro logistika yo‘nalishlari uchun bek-ofis xizmatlarini, jumladan, dispetcherlik, yuklarni kuzatish, xodimlarni tanlash, xavfsizlik va boshqa funksiyalarni taqdim etishi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv davomida kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Wersirius O‘zbekistonda logistika, dispetcherlik, rekruting va savdo bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yishni, yoshlar uchun xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, kompaniya faoliyatini dastlabki 50 ta ish o‘rnidan 200 tagacha kengaytirish, keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish yo‘nalishlarini rivojlantirish, O‘zbekistonning kuchli kadrlar salohiyati va qulay biznes muhiti imkoniyatlaridan samarali foydalanishni maqsad qilgan.

Tomonlar, shuningdek, logistika va raqamli xizmatlar sohalarida O‘zbekiston, Serbiya va AQSh hamkorligini muhimligini qayd etdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, O‘zbekistonda Wersirius mintaqaviy operatsion markazini tashkil etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va logistika hamda raqamli xizmatlar yo‘nalishlarida bandlik imkoniyatlarini kengaytirishni belgilab oldilar.

Ushbu loyiha yangi ish o‘rinlarini yaratish, mamlakatning bilimga asoslangan iqtisodiyotini rivojlantirish va logistika sohasining raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Wersirius vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston biznesni kengaytirish va strategik o‘sish uchun kengroq imkoniyatlarni taqdim etgan holda, yetakchi nearshore bozorlarga teng keladigan sifatli kadrlar salohiyatiga ega.

Tashabbus O‘zbekistonning xalqaro xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni jalb etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning raqobatbardosh global autsorsing markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.

Wersirius Holding — BPO va logistika autsorsingi sohasidagi xalqaro kompaniya bo‘lib, yillik aylanmasi 200 million dollarni tashkil etadi. Kompaniyada 500 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi va to‘rtta mamlakatda ofislarga ega. 2019-yilda tashkil etilgan kompaniya AQSh va Yevropa bozorlaridagi yuk tashuvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, transport-logistika sanoati uchun operatsion va raqamli xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniyaning xizmatlar portfeli dispetcherlik, xavfsizlik, texnik xizmat ko‘rsatish, ELD-tizimlarini boshqarish, brokerlik, buxgalteriya va muvofiqlik (compliance) yechimlarini o‘z ichiga oladi. Hozirda Wersirius AQSh, Serbiya, Shimoliy Makedoniya va Moldovada faoliyat yuritadi hamda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling