Vyacheslav Golishev 75 yoshida vafot etdi
Vyacheslav Golishev 75 yoshida vafot etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 7 aprel kuni 75 yoshida davlat va jamoat arbobi Vyacheslav Arkadyevich Golishev vafot etdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Vyacheslav Arkadyevich Golishev Toshkent xalq xo‘jaligi institutini, hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, shuningdek M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomlaganidan so‘ng ilmiy-tadqiqot markazlarida faoliyat yuritgan, Prezident huzuridagi Jahon muammolari instituti direktorining o‘rinbosari va Davlat prognozlash va statistika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
2005–2006 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri sifatida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlariga rahbarlik qilgan. Uzoq yillar davomida Prezidentning davlat maslahatchisi lavozimida ishlab, boy tajriba, chuqur bilim va fidoyilik namoyon etgan.
U ijtimoiy-iqtisodiy siyosatga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan, bir necha bor Oliy Majlis deputati etib saylangan va parlamentarizm hamda islohotlarning huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Shuningdek, Golishev yangi avlod iqtisodiy kadrlarini tayyorlash bilan faol shug‘ullangan.
Faoliyati davomida Vyacheslav Golishev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» unvoni va “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Prezident matbuot xizmati taʼkidlashicha, u haqida davlat arbobi, yirik olim, yoshlar ustozi va kamtar inson sifatidagi yorqin xotiralar hamyurtlar qalbida abadiy saqlanib qoladi.