Vladimir Norov xalqaro hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun Xitoy Xalq Respublikasining eng yuksak mukofotiga sazovor bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri va Shanxay hamkorlik tashkilotining sobiq Bosh kotibi Vladimir Norov Xitoy hukumatining eng oliy mukofoti — «Do‘stlik mukofoti» bilan taqdirlandi. U mazkur mukofotni olgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi.
Diplomat bu haqda LinkedIn sahifasida xabar berdi. Mukofot topshirish marosimi 2025 yil 30 sentyabr kuni Pekindagi Xalq qurultoylari uyida bo‘lib o‘tdi. «Do‘stlik mukofoti» Xitoyning eng yuksak davlat mukofoti hisoblanib, u xorijiy mutaxassislarga Xitoy bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi katta xizmatlari uchun beriladi. Joriy yilda bu mukofot 27 mamlakatdan 50 mutaxassisga topshirildi.
Vladimir Norov uning uchun bu mukofotni olish katta sharaf ekanini taʼkidlab, ilk bor o‘zbekistonlik vakiliga nasib etganini alohida qayd etdi. «Diplomatik yoki akademik faoliyatimning barcha davrlarida Xitoy, Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyati o‘rtasida o‘zaro ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga intilib kelganman. Shu bois bu mukofot nafaqat shaxsiy sharaf, balki madaniy qadriyatlar va insonlar o‘rtasidagi aloqalar kuchiga bo‘lgan umumiy ishonchimizning ramzidir», — dedi u.
Marosim davomida Norov Xitoy hukumatiga, Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetiga, hamkasblari va ko‘plab hamkorlariga minnatdorlik bildirib, «do‘stlik va hamkorlik ruhi bizga yana-da adolatli, birlashgan va farovon dunyo sari yo‘l ko‘rsatishi lozim», deya taʼkidladi.