VEON Beeline Uzbekistan’ning yangi Tarmoq monitoringi va boshqaruv markazini taqdim etdi va O‘zbekistonda dasturiy ta’minot ishlab chiqishni jadallashtirish uchun BuildX’ni ishga tushirdi
VEON Beeline Uzbekistan’ning yangi Tarmoq monitoringi va boshqaruv markazini taqdim etdi va O‘zbekistonda dasturiy ta’minot ishlab chiqishni jadallashtirish uchun BuildX’ni ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — VEON Ltd. (NASDAQ: VEON), global raqamli operator (“VEON” yoki sho‘ba korxonalari bilan birgalikda “VEON Group”), bugun Toshkent shahrida Beeline Uzbekistan’ning yangi Tarmoq monitoringi va boshqaruv markazini (Network Operations Center, NOC) rasman taqdim etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, VEON Group bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu, shuningdek Beeline Uzbekistan Kuzatuv kengashi a’zolari va kompaniya rahbariyati ishtirok etdi. Shu kuni VEON, shuningdek, O‘zbekistonda o‘zining yangi dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt kompaniyasi — BuildX’ni ishga tushirdi.
Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri, Kaan Terzioglu, VEON Group bosh ijrochi direktori, Andrey Pyatakhin, Beeline Uzbekistan bosh ijrochi direktori va Gediz Sezgin, Beeline Uzbekistan texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor, Toshkent shahrida Tarmoq monitoringi va boshqaruv markazining ochilish marosimida.
Beeline Uzbekistan’ning Toshkentdagi Tarmoq monitoringi va boshqaruv markazi (NOC) raqamli boshqaruv markazi sifatida faoliyat yuritib, 5 850 dan ortiq baza stansiyalarini 24/7 rejimida monitoring qiladi hamda 2025-yil sentabr holatiga ko‘ra 7,7 million Beeline Uzbekistan abonentlari uchun barqaror aloqa xizmatlarini ta’minlaydi. Proaktiv monitoring markazi sifatida NOC tarmoqdagi nosozliklarni real vaqt rejimida aniqlab, muhandislarga aksariyat hollarda foydalanuvchilar xizmat uzilishlarini sezishidan avval muammolarni tezkor bartaraf etish imkonini beradi. Markaz tarmoqning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda kuzatib boradi va mustaqil Opensignal tahliliga ko‘ra O‘zbekistondagi eng barqaror tarmoq sifatida e’tirof etilgan Beeline Uzbekistan tarmog‘ida mijozlar tajribasini yanada mustahkamlaydi.
NOC’dan tashqari, Beeline Uzbekistan kompaniyasida alohida Axborot xavfsizligi operativ markazi (Security Operations Center, SOC) ham faoliyat yuritadi. Ushbu markaz tarmoq va raqamli xizmatlar doirasida kiberxavflarni monitoring qiladi va ularga tezkor javob choralarini ko‘radi. IT va dasturiy ta’minot jamoalari bilan yaqin hamkorlikda ishlagan holda, SOC mijozlar va hamkorlar uchun xavfsiz va ishonchli raqamli muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.
BuildX, Toshkentdagi IT Park rezidenti bo‘lgan dasturiy ta’minot va sun’iy intellektni ishlab chiqish sohasidagi yangi kompaniya VEON’ning mavjud dasturiy ta’minot ishlab chiqish salohiyatiga tayanadi. Bu salohiyat Qozog‘istondagi QazCode kabi markazlarni ham o‘z ichiga oladi — u yerda sun’iy intellekt asosidagi ilovalar, bulutli platformalar, korporativ tizimlar va ma’lumotlar tahlili yechimlari ishlab chiqilgan. BuildX kengaytiriladigan va eksportga yo‘naltirilgan texnologik yechimlar yaratishga e’tibor qaratadi hamda O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyodagi texnologik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi intilishlariga hissa qo‘shadi.
“O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlovchi puxta siyosat asosida tez sur’atlarda rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyot shakllanmoqda. Biz ushbu siyosiy poydevor, kuchli xususiy sektor vakillari va yosh raqamli mutaxassislarimizga tayangan holda mamlakatimizni mintaqaviy texnologik markazga aylantirishga qat’iy bel bog‘laganmiz”, — dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochilish marosimida. “VEON’ning O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotiga kiritayotgan uzluksiz investitsiyalari hamda raqamli platformalarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish, muhim aloqa infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan tashabbuslari orqali bizning qarashlarimizni faol qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholayman.”
“Bugun e’lon qilinayotgan ushbu ikki muhim tashabbus O‘zbekistonning raqamli kelajagiga bo‘lgan sadoqatimizni yaqqol namoyon etadi. Zamonaviy Tarmoq monitoringi va boshqaruv markazimiz Beeline Uzbekistan’ning mijozlariga yuqori darajadagi tajribani ta’minlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. BuildX esa o‘zining sun’iy intellekt va raqamli yechimlari orqali O‘zbekiston va xalqaro bizneslar uchun insonlar hayotini yaxshilaydigan va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradigan yechimlarni taqdim etadi”, — dedi VEON Group bosh ijrochi direktori va Beeline Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Kaan Terzioglu. “Biz nafaqat mijozlarimiz va biznes hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashdan, balki ushbu va boshqa tashabbuslar orqali O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotga oid strategik qarashlariga hissa qo‘shishdan ham mamnunmiz.”
VEON’ning sho‘ba korxonasi sifatida BuildX VEON Group, uning operatsion kompaniyalari hamda kengroq korporativ bozor uchun ilg‘or dasturiy ta’minot, raqamli platformalar va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqadi. Kompaniya mahalliy muhandislar va ma’lumotlar tahlilchilarini jalb qilish va tayyorlash orqali jamoasini kengaytirishni rejalashtirmoqda hamda O‘zbekistonda yuqori malakali raqamli kadrlar salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shadi. BuildX universitetlar, startaplar va texnologik hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda innovatsiyalarni rivojlantirish va mahalliy texnologik ekotizimni mustahkamlashni maqsad qilgan.
VEON haqida
VEON — qariyb 150 million aloqa foydalanuvchisi va 140 milliondan ortiq raqamli foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi global raqamli operator hisoblanadi. Aholisining 6% dan ortig‘i istiqomat qiladigan besh mamlakatda faoliyat yuritgan holda, VEON texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orqali insonlar hayotini o‘zgartirib, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirmoqda. VEON NASDAQ fond birjasida ro‘yxatga olingan. Batafsil ma’lumot: www.veon.com.
Beeline Uzbekistan haqida
Beeline Uzbekistan — mobil aloqa xizmatlari orqali 7,7 million abonentga va raqamli xizmatlari hamda ilovalari orqali 7,9 million oylik faol foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatuvchi raqamli operator. Kompaniyaning raqamli portfeliga Beepul moliyaviy ilovasi, OQ raqamli brendi, yaqinda ishga tushirilgan KINOM striming ilovasi hamda hambi super-ilovasi kiradi. Shuningdek, Beelab va VEON Adtech markazlari ham O‘zbekistonda joylashgan bo‘lib, mamlakatdagi dasturiy ta’minot va IT texnologiyalar ekotizimini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Beeline Uzbekistan to‘liq VEON’ga tegishli kompaniya hisoblanadi.
BuildX haqida
BuildX (MChJ «U-CODE») — BuildX brendi ostida dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi kompaniya, Toshkentdagi IT Park rezidenti. Kompaniya raqamli va sun’iy intellekt bo‘yicha VEON ekspertizasidan foydalangan holda texnologik yechimlarni ishlab chiqadi.
Kelajak haqidagi bayonotlar
Ushbu press-reliz AQShning 1933-yilgi Qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunining 27A-moddasi va 1934-yilgi Qimmatli qog‘ozlar almashinuvi to‘g‘risidagi qonunining 21E-moddasi doirasida “kelajak haqidagi bayonotlar”ni o‘z ichiga oladi. Bunday bayonotlar VEON’ning strategik maqsadlariga oid fikrlarni ham qamrab oladi. Turli xavf va noaniqliklar tufayli haqiqiy natijalar mazkur bayonotlarda ifodalangan ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Ushbu xavflar haqida batafsil ma’lumot VEON’ning 2024-yil uchun 20-F shaklidagi hisobotida (2025-yil 25-aprel) va AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan boshqa hujjatlarda keltirilgan. Ushbu bayonotlar faqat press-reliz e’lon qilingan sanadagi holatni aks ettiradi va qonunchilikda belgilangan holatlardan tashqari, VEON ularni yangilash majburiyatini o‘z zimmasiga olmaydi.
Reklama