Valyuta kurslari 22/07/2025
$1 – 12603.52
UZS – 0,2%
€1 – 14676.80
UZS – 0,3%
₽1 – 160.94
UZS – 0,39%
Qidirish
O‘zbekiston 22/07/2025 Vengriya va O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Vengriya va O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-18-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov boshchiligidagi delegatsiyaning Vengriya davlatiga rasmiy tashrifi tashkil etildi.

Tashrifning asosiy maqsadi ikki davlatning huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, mamlakatlar ichki ishlar vazirliklarining sohaviy xizmatlari oʻrtasida axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda Vengriya politsiyasining ilgʻor tajribasi bilan tanishishga qaratildi.

Tashrif jarayonida Oʻzbekiston Respublikasining Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatovning Vengriya Ichki ishlar vaziri doktor Shandor Pinter bilan ikki tomonlama rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik va giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo ishchi uchrashuvlarini tashkil etish, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Budapesht shahri Politsiya boshqarmasi oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jamoat tadbirlari va turistik obyektlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tajriba almashish hamda kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha masalalarni muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Vengriya Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida 2025-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi“ imzolandi.

Vengriyaga tashrif jarayonida Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi mamlakatning huquqni muhofaza qilish yoʻnalishidagi ilgʻor tajriba va taʼlim sohasi bilan yaqindan tanishdilar.

Jumladan, tadbir davomida mamlakatimiz delegatsiyasining Vengriya Milliy kiber xavfsizlik instituti boshligʻi doktor Layosh Sabo bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda tomonlar hozirgi zamon kiber tahdidlariga munosib qarshi turish tizimi, internetdagi xurujlar va hodisalarning oldini olishga qaratilgan idoralararo hamkorlik, kiber jinoyatlarni tahlil qilish usullarini hamda hamkorlikda oʻquv kurslarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi Budapeshtdagi Xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi faoliyati bilan ham tanishib, Oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun xalqaro va malakaviy kurslarda tashkil qilish masalalariga eʼtibor qaratdilar.

Budapesht politsiya boshqarmasining xizmat jarayonini oʻrganish davomida, Vengriya poytaxtining Smart City (Aqlli shahar) videonazorat tizimi, jamoat xavfsizligi bilan bogʻliq tahdidlarni prognozlashtirish va tahlili qilish, tezkor vaziyatdan kelib chiqqan holda politsiyaning kuch va vositalarini toʻgʻri taqsimlash kabi tizim bilan tanishib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Budapesht shahri Politsiya boshqarmasining amaliy hamkorligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Vengriyaning Terrorizmga qarshi kurashish markazining faoliyatini oʻrgandilar. Jarayonda Oʻzbekistonlik mutaxassislar Vengriya amaliyotida radikallashgan shaxslarni aniqlash, xalqaro terrorchilik guruhlarini fosh etish, ularning faoliyatini oʻrganish hamda on-layn muhitda tahdidlarni monitoring qilish mexanizmlari bilan tanishdilar.

Tashrif jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Vengriya Politsiya akademiyasining faoliyati bilan tanishdi.

Akademiya rahbari doktor Ernyo Krauzer bilan olib borilgan muzokaralarda, politsiya xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, Vengriya politsiyasi tomonidan olib borilayotgan innovatsiyalar va tajribalar Oʻzbekiston sharoitida joriy etish, shuningdek, kursantlar va professor-oʻqituvchilar uchun stajirovka tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Vengriyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida huquqni muhofaza qilish yoʻnalishida hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda oʻzaro ishonchli munosabatlarni yuqori darajaga koʻtarishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling