Venchur kapitalini moliyalashtirish masalasi Toshkentda CEVF 2026 da muhokama qilindi
Venchur kapitalini moliyalashtirish masalasi Toshkentda CEVF 2026 da muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2-aprel kuni Toshkent shahridagi C-Space kovorking markazida venchur moliyalashtirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Central Eurasian Venture Forum (CEVF) 2026 doirasida UzVC Milliy venchur fondi tomonidan Big Sky Capital va MOST Ventures xalqaro venchur fondlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda 100 ga yaqin mahalliy va xorijiy ishtirokchilar — yetakchi investorlar, venchur hamjamiyati vakillari, startap asoschilari va mintaqa ekotizimi liderlari qatnashdi.
Tadbirning yopiq formati va cheklangan ishtirokchilar ro‘yxati tashkilotchilarning asosiy maqsadini, ya’ni bozorning muhim ishtirokchilari o‘rtasida mazmunli muloqot va professional netvorking uchun qulay muhit yaratishga qaratilganini aks ettirdi. Dastur Markaziy Osiyodagi venchur bozorining joriy holati tahlilidan tortib, sun’iy intellektning investitsiya faoliyatida amaliy qo‘llanishigacha bo‘lgan keng mavzularni qamrab oldi. Uchrashuv hamkorlik e’lonlari, panel muhokamalari hamda boshqaruv kengashlariga bag‘ishlangan kitobning o‘zbek tilidagi nashri taqdimotlaridan iborat bo‘ldi.
Dasturdagi asosiy voqealardan biri UzVC va Big Sky Capital o‘rtasidagi hamkorlikning rasmiy e’lon qilinishi bo‘ldi. Hamkorlik doirasida tomonlar O‘zbekiston va uning hududlaridagi yuqori salohiyatli kompaniyalarga birgalikda investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik bitimlar oqimini shakllantirish, portfel kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda lokal va xalqaro tajribani birlashtirgan holda investitsiya portfelini yaratishni nazarda tutadi. Asosiy urg‘u esa sun’iy intellekt va deep tech yo‘nalishidagi startaplarga berilishi ta’kidlandi.
Tadbir Markaziy Osiyo startap ekotizimining bugungi holati, unda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar hamda mintaqaning xalqaro venchur investorlar uchun jozibadorligiga bag‘ishlangan panel muhokamalari bilan davom etdi.
Startap ekotizimi tahliliga oid muhokamada Abdulaziz Toshxo‘jayev (UzVC), Adil Nurgojin (Big Sky Capital) va Alim Hamitov (MOST Ventures) qatnashdi. Unda O‘zbekiston va mintaqadagi asosiy tendensiyalar, startaplar oqimi, iste’dodlar salohiyati, infratuzilma va raqamli texnologiyalarni joriy etish sur’atlari, shuningdek, ekotizimning keyingi bosqichga chiqishi uchun zarur bo‘lgan kapital, korporativ boshqaruv va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlari haqida ekspert fikrlari bildirildi.
Ikkinchi muhokamada Sheyn Sabine (Punch Capital, AQSh) va Jan Karsibayev (Big Sky Capital) ishtirok etdi. Spikerlar rivojlanayotgan bozorlarni baholash mezonlari, mintaqa haqidagi keng tarqalgan noto‘g‘ri qarashlar hamda global investorlar uchun eng qiziqarli sohalarni muhokama qildilar. Shuningdek, yaqin 1–2 yil ichida transchegaraviy venchur bozorini tezlashtiruvchi omillar alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng sun’iy intellektning venchur investitsiyalardagi amaliy qo‘llanilishiga bag‘ishlangan maxsus chiqish bo‘lib o‘tdi. Unda Grizz AI kompaniyasi bosh direktori Timur Tajbayev venchur fondlar faoliyatida sun’iy intellektdan amaliy foydalanish bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Unda venchur fondlar sun’iy intellekt yordamida ko‘proq startaplarni ko‘rib chiqishi, jarayonlarni tezlashtirishi va dastlabki tahlil sifatini oshirishi mumkinligi ta’kidlandi. Xususan, startaplarni qabul qilishdan tortib tahlil, investitsiya memorandumi tayyorlash va keyingi kuzatuv bosqichlarigacha bo‘lgan amaliy jarayonlar, dastlabki baholash bosqichini ekspert qarorini saqlagan holda standartlashtirish usullari, tavakkallar va muhim savollarni aniqlashda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar ko‘rib chiqildi. Sessiyalar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga venchur ekspertlari tomonidan javob olishdi.
Tadbir doirasida, shuningdek, “VC Boards” kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiyada venchur investitsiya jalb qilgan kompaniyalar uchun kuzatuv kengashi va korporativ boshqaruvning o‘sish omili sifatidagi ahamiyati, asoschilar darhol amaliyotga tatbiq etishi mumkin bo‘lgan asosiy xulosalar, shuningdek, investorlar shakllangan kompaniyalardan nimalarni kutishi muhokama qilindi.
Kun tartibidan SQB Ventures va Big Sky Capital o‘rtasidagi hamkorlik hamda investitsiya bo‘yicha rasmiy e’lon ham o‘rin oldi. Shundan so‘ng IT Park Uzbekistan’ning startaplar, iste’dodlar va ularning global bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashdagi roli yoritildi. Ushbu qismda asosiy dasturlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, eksport va xalqaro kengayish imkoniyatlari, shuningdek, asoschilar uchun resurslarga qanday qo‘shilish va ulardan foydalanish tartibi haqida ma’lumot berildi.
Tadbirning yakuniy qismida Madina Zokirova va Aziza Hamdamova (Hackonect) tomonidan Techstars Uzbekistan taqdimoti o‘tkazilib, startaplarga beriladigan imkoniyatlar hamda uning mahalliy ekotizim uchun ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Yakunda tadbir sarhisobi qilinib, keyingi qadamlar e’lon qilindi. Tadbir so‘ngida esa mehmonlar uchun norasmiy kechki ovqat va networking uchrashuvi tashkil etildi.